1

Ekspert O`zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyodagi tashqi siyosati haqida gapirdi

Jamiyat 05.07.2021, 18:48
Teglar: Markaziy va Janubiy Osiyo
Ekspert O`zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyodagi tashqi siyosati haqida gapirdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashab­busi bilan O`zbekiston tashqi siyosatida tub o`zgarishlar ro`y bermoqda. Bu jarayonda Markaziy Osiyo mintaqasi tashqi siyosatning muhim yo`nalishi sifatida belgilangani yaxshi qo`shnichilik va qardoshlik an`analarini mustahkamlash, do`stlik, hamkorlik muhitini kuchaytirishga zamin yaratmoqda. Tabiiyki, bunday yaqin aloqalar mamlakatlarimiz iqtisodiyoti rivojida ham o`z samarasini namoyon qilayotir.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2017 yilda mintaqaning yalpi ichki mahsuloti 253 milliard dollarni tashkil etgan bo`lsa, 2020 yil yakuniga kelib, pandemiya bo`lishiga qaramay, bu ko`rsatkich 300 milliard dollarga etdi. Mintaqa davlatlarining xorijiy mamlakatlar bilan savdo aylanmasi ham 2020 yilda 168 milliard dollarga etib, 56 foizga oshdi. Bularning barchasi uzoqni ko`zlab yuritilayotgan oqilona siyosat samarasidir.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o`rinbosari Baxtiyor  MUSTAFOEV yurtimizda va mintaqamizda erishilayotgan bunday muhim natijalar xalqaro miqyosda ham e`tirof etilayotgani, qolaversa, tashqi siyosat sohasidagi dadil qadamlar tufayli O`zbekistonga xalqaro hamjamiyatning hurmat-e`tibori oshganini ta`kidladi.

TARIXGA  NAZAR

Tahlillar shuni ko`rsatadiki, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgandan so`ng mintaqada turli integrasiya loyihalari yaratilgan. Ular sirasiga Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati, Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti, Markaziy Osiyo ittifoqi tashkil etilishini kiritish mumkin. Bir qator omillar sabab ularning faoliyati uzoq davom etmadi. Ammo mintaqaviy hamkorlikka to`sqinlik qiluvchi ushbu sabab­lar vaqtinchalik edi. Zero, mintaqa xalqlarining tarixiy ildizlari, madaniyati, din va til uyg`unligi, shuning­dek, umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik paydo bo`layotgan muammolarga birgalikda javob berish, ularga samarali echim topish yo`llarini izlash va taraqqiyot yo`lida birgalikda intilish uchun zamin yaratmoqda.

Garchi, bugungi kunda har bir davlat ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni hamda turli tashqi siyosiy va iqtisodiy ustuvor yo`nalishlarni mustaqil ravishda tanlagan bo`lsa-da, mintaqa davlatlarining barchasini ko`p asrlik savdo-iqtisodiy aloqalar, transport va energetika kommunikasiyalarining rivojlanayotgan tarmog`i, shuningdek, xavfsizlikka tahdid va xatarlarni bartaraf etishga intilish istagi birlashtiradi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida yanada qulay va samarali hamkorlik uchun barcha zarur shart-sharoit mavjud.

MINTAQAVIY HAMKORLIKKA KO`MAKLAShUVChI ASOSIY OMILLAR

Jahon savdo yo`llari chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo qadimdan madaniyatlar va sivilizasiya­larning o`zaro ta`siri jarayonida muhim o`ringa ega bo`lgan. Buyuk ipak yo`li (miloddan avvalgi II asr — milodiy XV asr) xalqaro transport aloqa yo`li sifatida nafaqat Osiyo va Evropa savdo yo`nalishlari, balki qit`alar va mamlakatlar o`rtasidagi o`zaro axborot-sivilizasiya muloqotini ham ta`minlagan, yangi texnologiyalar va yangiliklar tarqalishida o`ziga xos chorraha vazifasini o`tab, qishloq xo`jaligi ekinlari, agrotexnologiyalar, sivilizasiyalararo va texnologik almashinuv, shuningdek, madaniy qadriyatlar uchun ham qulay sharoitlarni yuzaga keltirgan.

Transport-infratuzilmaviy kommunikasiyalarni takomillashtirish va Markaziy Osiyoga xalqaro tranzit yuk tashuvchilarni jalb etish mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi eng muhim vazifalardan biridir. Uni hal etish mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash zarurati bilan belgilanadi.

 Markaziy Osiyo davlatlarini zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi turish zarurligi va buni faqat mintaqada joylashgan barcha davlatlarning faol ishtiroki yordamida amalga oshirish mumkinligi haqidagi umumiy tushuncha birlashtirib turadi. Bularning barchasi mintaqaviy o`zaro hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoni “hamkorlik va taraqqiyot mintaqasi”ga aylantirish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

YaNGI SIYoSAT — YaNGI UMIDLAR

Prezidentimiz tashabbusi bilan yuritilayotgan tashqi siyosatning muhim yo`nalishi mintaqamiz mamlakatlarining ana shunday salohiyatini ro`yobga chiqarishga yo`naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu maqsad yo`lida olib borilayotgan izchil siyosat tufayli O`zbekiston xalqaro munosabatlar tizimida odatiy ishtirokchidan faol, tashabbuskor davlatga aylandi. Buni mintaqaviy va nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surilayotgan taklif-tashabbus­lar va ularning xalqaro hamjamiyat tomonidan qo`llab-quvvatlanayotgani misolida ko`rish mumkin.

Bu borada erishilayotgan yutuqlarga to`xtalsak. Markaziy Osiyoda, eng avvalo, siyosiy muloqot, o`zaro ishonch muhiti yuksak darajaga ko`tarildi. Buning aniq natijasi sifatida ­Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari tashkil etilgani bo`ldi. Mazkur uchrashuv doimiy muloqot maydoniga asos soldi, mintaqada xavfsizlik, barqaror rivojlanishni ta`minlashga xizmat qilib kelmoqda.

Siyosiy aloqalarning faollashuvi iqtisodiy munosabatlar rivojlanishiga ham turtki bo`ldi. Qo`shni mamlakatlar bilan savdo-­sotiqning rivojlanishi mintaqaning investision jozibadorligi oshishiga zamin yaratmoqda. 2020 yil yakuniga ko`ra, mintaqaga kiritilgan jami xorijiy sarmoyalar qiymati 37 milliard dollarni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 40 foizga oshdi. Bu raqamlar qisqa muddatda qanchalik o`sishga erishilganini yaqqol ifoda etadi.

Madaniy gumanitar aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Birgina turizm sohasini olaylik. Bugungi kunda bu yo`nalishda ilgari deyarli foydalanilmagan imkoniyatlar ochil­yapti. 2017 yilda mintaqaning besh davlatiga 9,5 million sayyoh tashrif buyurgan bo`lsa, pandemiya davriga qadar bu ko`rsatkich ikki barobar oshgan.

Mintaqadagi bunday o`zgarishlar transmintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga ham qulay sharoit yaratmoqda. Ya`ni O`zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalari ham yangi bosqichga ko`tarilmoqda.

MARKAZIY  VA  JANUBIY OSIYo — YaGONA MAKON, YaNGI IMKONIYaTLAR

Aytish kerakki, mamlakatimiz tashqi siyosatida  Janubiy Osiyo hamisha ustuvor yo`nalish bo`lib kelmoqda. Ammo yaqin-yaqingacha biz Janubiy Osiyoga nisbatan asosan Afg`oniston omili orqali, ya`ni xavfsizlik nuqtai nazaridan yondashib kelganmiz. Buning natijasida ikki tomonlama munosabatlar etarli darajada yo`lga qo`yilmadi, mavjud imkoniyatlardan foydalanilmadi. Buni raqamlar bilan ifodalaydigan bo`lsak, 2017 yil O`zbekistonning ­Janubiy Osiyoning etakchi davlatlari — Pokiston bilan savdo aylanmasi atigi 36,5 million dollarni, Hindiston bilan 323 million dollarni tashkil etgan. Bu ko`rsatkich 2020 yil 123 million dollar va 442 million dollarga etdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so`nggi yillarda xalqaro munosabatlar sohasida mazkur davlatlar bilan ham munosabatlar yangi bosqichga ko`tarildi. Bugungi kunda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik kuchaydi.

Aytish kerakki, Janubiy Osiyo biz uchun yirik bozor, aholi nufusi 2 milliarddan ortiq. Yalpi ichki mahsuloti 3,4 trillion dollar. Janubiy Osiyo mamlakatlarining o`rtacha yillik o`sishi 6-7 foiz. Bu shuni ifodalaydiki, yonginamizda shunday katta iqtisodiy makon bor. Undan unumli foydalanish ikki tomonga ham katta manfaat etkazadi. Buni boy tariximiz yaqqol isbotlaydi.

Agar tariximizga nazar tashlaydigan bo`lsak, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakatlari azaldan yagona makon sifatida uyg`un rivojlanib kelgan, barcha sohalarda yaqin hamkorlik qilgan. Buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlari va boshqa tarixiy manbalar bu yaqin rishtalarning yaqqol dalilidir. Bugungi sa`y-harakatlarimizning asosiy maqsadi ana shu tarixiy aloqalarni tiklash, xalqlarimiz o`rtasida do`stlik, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, pirovardida mamlakatlarimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko`tarishdir. Shu maqsadda O`zbekiston so`nggi yillarda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni tobora rivoj­lantirmoqda.

Markaziy Osiyo respublikalari dengiz yo`liga chiqish uchun bir davlatni, faqat O`zbekiston ikki davlat hududini kesib o`tishi kerak. Bu iqtisodiy o`sishga jiddiy to`siq bo`lmoqda. Misol uchun, Markaziy Osiyo davlatlaridan Shanxayga bitta konteyner etkazish Turkiya va Polsha davlatlariga nisbatan 5 barobar qimmat. Yana bir ma`lumot, dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo`lmagan davlatlar eksport daromadlarining 18 foizini transport xarajatlariga ishlatadi. Bu ko`rsatkich dengizga chiqish imkoniyatiga ega davlatlarda 9 foizni tashkil etadi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng qo`llab-quvvatlanayotgan “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo`li qurilishi mintaqalarimizning iqtisodiy rivojlanishini tubdan o`zgartirishi shubhasiz. Iqtisodiy tahlilchilarning ma`lumotiga ko`ra, yangi yo`l ishga tushishi bilan Markaziy ­Osiyodan Janubiy Osiyoga bitta konteynerni etkazish narxi 900 dollardan 286 dollarga arzonlashadi. Bundan tashqari, yuk tashishga sarflanadigan vaqt 35 kundan 3-5 kungacha qisqaradi. Shu bilan birga, eksport salohiyati ham keskin oshadi.

O`z navbatida, xavfsizlik masalalarini ham inkor etib bo`lmaydi. Xususan, Afg`onistondagi notinchlik, terroristik guruhlarning faoliyati bu boradagi ezgu maqsadlarimizga to`g`anoq bo`lishi tabiiy. Shu bois, O`zbekiston Afg`onistonda tinchlik o`rnatishdan doimo manfaatdor va bu yurtda tinchlikni mustahkamlash, turli tarmoqlarni rivojlantirishga hissa qo`shishga intilib kelyapti.

O`ZARO BOG`LIQLIK KONSEPSIYaSI YaRATILMOQDA

Ikki mintaqaning o`zaro bog`liqligini ta`minlash uchun so`nggi yillarda davlatlarimiz o`rtasida ikki tomonlama munosabatlar va bir qator xalqaro tashkilotlar doirasida ko`p tomonlama faol tashqi siyosat olib borilmoqda. Yuqori darajadagi uchrashuvlar tashkil etilyapti. Bundan tashqari, transmintaqaviy loyihalar ham rivoj­lanmoqda. Ularni amalga oshirish jarayonida erishilayotgan natijalar barobarida hali echimini kutayotgan muammolar ham yo`q emas.

Bunga davlatlarning yondashuvlaridagi tafovutlar sabab bo`lyapti. Uning echimi esa, mintaqalarni birlashtirishning asosini tashkil etuvchi muhim yo`nalishlar bo`yicha yagona yondashuvga ega bo`lishda. Shu ma`noda, so`nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ikki mintaqa o`rtasidagi munosabatlarni faollashtirishga qaratilgan ishlar kelgusida Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalarining o`zaro bog`liqlik konsepsiyasiga asos solishga zamin yaratmoqda, desak mubolag`a bo`lmaydi.

Endi 2021 yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida o`tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o`zaro bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli xalqaro konferensiya xususida to`xtalib o`tsak. Prezidentimiz tashabbusi asosida tashkil etilayotgan tadbirda dunyoning qator mamlakatlaridan etuk davlat va siyosat arboblari, etakchi olimlar va ekspertlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi ko`zda tutilgan.

Tadbir dasturidan mintaqalarimiz o`rtasida transport-tranzit va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, xavfsizlikni ta`minlash bilan bog`liq muhim masalalar o`rin olgan. Ushbu nufuzli xalqaro anjuman mintaqalarimiz o`rtasida o`zaro aloqalarni yanada kengaytirish, hamkorlikning yangi qirralarini ochish, tinchlik va taraqqiyot yo`lidan dadil odimlashimizda o`z samaralarini beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1