Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo`yicha inspeksiya xodimlari Yangiyo`l tumani hududida noqonuniy qum-shag`al qazib olinayotganini aniqlashdi. Qonunchilikda belgilangan tartibda jarimalar rasmiylashtirilib, qum-shag`al qazishga jalb etilgan texnikalar vaqtincha maxsus joyga joylashtirildi.
Lekin ekoinspektorlar huzurida “X” ismli shaxs paydo bo`lib, mazkur “biznes” unga tegishli ekani hamda shu ishni imi-jimida yopishni so`raydi. Buning uchun 4 000 AQSh dollari miqdorida pora taklif qiladi.
Davlat ekologiya qo`mitasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, qo`mita xodimlari bu taklifni keskin rad etishadi va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishadi. “X” esa ularga yana boshqa yo`llar bilan ta`sir o`tkazishga harakat qiladi. Natijada “X” ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektoriga pora berishga urinayotganda Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura departamenti xodimlari tomonidan voqea joyida qo`lga olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






