AsosiyJamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda din bo`yicha davlat siyosatini noto`g`ri tomonga burish va ko`pirtirish holatlari uchramoqda — Diniy qo`mita

'Ijtimoiy tarmoqlarda din bo`yicha davlat siyosatini noto`g`ri tomonga burish va ko`pirtirish holatlari uchramoqda — Diniy qo`mita'ning rasmi

So`nggi yillarda barcha sohalarda bo`lgani kabi diniy-ma`rifiy jabhada ham keng ko`lamli islohotlar, o`zgarishlar, yangiliklar amalga oshirilmoqda.

Afsuski, internet tarmoqlarida ba`zi mutaassib shaxs va toifalar tomonidan O`zbekistonning din ishlari sohadagi yagona davlat siyosatini noxolis baholash, yangiliklarni o`z manfaatlariga moslab talqin qilish, voqe`likni o`z o`zanidan boshqa tomonga burish, holatni ko`pirtirish hamda ayrim diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan asossiz tanqid qilinmoqda.

Birinchidan, shuni unutmaslik kerak-ki, O`zbekiston – biz huquqiy demokratik, ko`p millatli va turli konfessiyali jamiyatda yashaymiz.

Ikkinchidan, bosh qomusimiz va amaldagi qonunchilikda hech qaysi dinga yoki diniy e`tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo`l qo`yilmasligi belgilab qo`yilgan.

Uchinchidan, turli millat va din vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan o`rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat – turli dinlarga e`tiqod qiluvchi aholi orasida nizo va tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi.

Shu nuqtai-nazardan, mamlakatimizda din sohasidagi davlat siyosati masalasida qabul qilinadigan har qanday qaror va qonunlar – barcha konfessiya vakillarini e`tiborga olgan holda ishlab chiqiladi.

Bugun ko`tarilayotgan din sohasidagi har qanday taklif va talablar yuqoridagi mezonlar asosida ko`rib chiqilmas ekan, tushunmovchilik va ziddiyatlar kelib chiqaveradi. Masalaning muhim jihati, ko`pchilik ushbu yo`nalishdagi davlat siyosatining mohiyatini to`g`ri anglamasligi natijasida odamlar ongida turli noto`g`ri fikrlar, munosabat va qarashlar hamda ikkilanishlar paydo bo`lmoqda.

Jumladan, xususiy tartibda diniy ta`lim olish va ta`lim berishga bo`lgan taqiqni bekor qilish masalasi ham bugun tushunmovchiliklarga sabab bo`lmoqda. Shunday ekan, mazkur masalaga ham oydinlik kiritish, chegarani belgilab olish lozim.

Bugungi kunda O`zbekistonda diniy ta`lim olish sohasini shartli ravishda 3 ta yo`nalishga bo`lish mumkin:

- ilohiyot yo`nalishidagi professional diniy ta`lim;

- dunyoviy ta`lim muassasalaridagi dinga oid akademik ta`lim;

- aholi tomonidan qiziqish bildirilayotgan, kundalik hayoti uchun zarur deb hisoblanadigan diniy amaliyot qoidalarini o`rganish hamda odob-ahloq bilan bog`liq masalalarda diniy nuqtai nazarga asoslangan bilimlarni olish (“maishiy” diniy ta`lim).

Ushbu yo`nalishdagi diniy ta`lim olish imkoniyatlari maxsus diniy ta`lim muassasalari orqali amalga oshiriladi va birinchi navbatda professional diniy soha xizmatchilarini tayyorlash uchun mo`ljallangan. Bugungi kunda O`zbekistonda 15 ta diniy ta`lim muassasasi faoliyat ko`rsatib kelmoqda. Shulardan 13 tasi O`zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o`rta maxsus islom bilim yurtlari. Jumladan, 3 tasi oliy Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va 10 ta o`rta maxsus islom bilim yurtlari hisoblanadi, shundan 2 tasi ayol-qizlar o`rta maxsus islom ta`lim muassasalaridir. Bular quyidagilar:

1.Toshkent islom instituti

2.“Mir Arab” Oliy madrasasi

3. Hadis ilmi maktabi

4.“Ko`kaldosh” o`rta maxsus islom bilim yurti

5.“Sayyid Muhyiddin maxdum” o`rta maxsus islom bilim yurti

6.“Hidoya” o`rta maxsus islom bilim yurti

7.“Muhammad al-Beruniy” o`rta maxsus islom bilim yurti

8.“Faxriddin ar-Roziy” o`rta maxsus islom bilim yurti

9.“Xoja Buxoriy” o`rta maxsus islom bilim yurti

10.“Mir Arab” o`rta maxsus islom bilim yurti

11. “Imom Termizi” o`rta maxsus islom bilim yurti

12.“Xadichai Kubro” o`rta maxsus islom bilim yurti

13.“Jo`ybori Kalon” o`rta maxsus islom bilim yurti.

  Professional diniy ta`lim tizimida boshlang`ich daraja madrasa hisoblanadi hamda yuqorida ko`rsatib o`tilgan 10 nafar o`rta maxsus islom bilim yurtlariga kirish uchun maxsus diniy bilim talab etilmaydi. Ushbu ta`lim dargohlarida kirish imtihonlari maktab dasturi doirasida o`qitiladigan fanlar, ya`ni xorijiy til va tarix fanlaridan Davlat test markazi tomonidan test shaklida o`tkaziladi. 2019 yilga qadar Ma`naviyat asoslari fanidan ijodiy imtihon ham o`tkazilgan bo`lib, 2020 yilda pandemiya sababli faqat test shaklidagi imtihonlar tashkil etish bilan cheklangan.

O`z navbatida, oliy diniy ta`lim muassasalariga kirish uchun dunyoviy fanlar bilan bir qatorda sof diniy fanlardan ham imtihonlar o`tkaziladi, mazkur bilimlarni fuqarolar madrasalarda olish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, O`zbekistonda barcha din vakillariga bir ko`z bilan qaraladi, “diniy ozchilik” degan ibora esa o`z mazmun-mohiyatiga ko`ra o`zbek tili uchun sun`iy yasama bo`lib, bizning madaniyatimizga va tilimizga va umuman milliy qonunchiligimizga xos emas. Bu holat diniy ta`lim sohasida ham ko`zga tashlanadi. Buning isboti o`laroq, Toshkent pravoslav va Toshkent protestant seminariyalari faoliyat ko`rsatayotganini ta`kidlash o`rinli.

Toshkent pravoslav seminariyasi 1990 yil 1 oktyabrda o`rta maxsus bilim yurti sifatida tashkil etilgan. 1998 yil 9 apreldan o`quv yurti seminariyaga aylantirilgan. Rus pravoslav cherkovi qoidalariga asosan seminariyaga eparxiya rahbari rahbarlik qiladi. Seminariyada O`zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tashqari Rossiya, Moldova, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan talabalar ham ta`lim olmoqda.

Toshkent protestant seminariyasi 1992 yildan e`tiboran Samarqand shahrida “Samarqand protestant seminariyasi” sifatida faoliyat olib borgan. 2004 yilda seminariya Toshkent shahriga ko`chirilib, Toshkent protestant seminariyasi nomi bilan qayta ro`yxatdan o`tkazilgan.

Ta`kidlash lozimki, o`tgan yaqin yillar davomida respublikamizda diniy ta`lim sifatini oshirishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi. Diniy ta`lim tizimini jahon andozalariga mos ravishda tashkil etish va rivojlantirishga yo`naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Respublikada 2017 yilga qadar oliy diniy ta`lim muassasalari soni 1 tani tashkil qilgan bo`lsa, so`nggi to`rt yilda ularning soni 3 taga etdi. Bugungi kunda Samarqand shahrida tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi eng ilg`or diniy ta`lim muassasasidir. Markaziy Osiyoda noyob hisoblangan bu ta`lim muassasasida ta`lim jarayonlari to`liq raqamlashtirilgan bo`lib, ta`lim jarayonlariga xorijiy noyob mutaxassislar ham jalb qilinmoqda.

O`rta maxsus ma`lumotli imom-xatiblar malakasini oshirish va ularni oliy ma`lumotli qilish maqsadida Toshkent islom institutida 3 yillik modul ta`lim tizimi joriy etildi. Mazkur talim tizimiga 2019-2020 o`quv yilidan asosiy ish joyidan ajralmagan holda imom-xatiblar o`qishga qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar