Avval xabar berganimizdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
2021 yil 1 oktyabrgacha korrupsiya, manfaatlar to`qnashuvi asosida tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlikda qatnashishi huquqiy oqibatlarini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
2021 yil 1 oktyabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo`lga qo`yiladi.
2021 yil 1 avgystdan davlat xaridlari sohasidagi tenderlar natijalari ochiq e`lon qilinadi.
Davlat xaridlarida hamkorlar (kontragentlar)ni tekshirish tartibi ishlab chiqiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil 1 dekabrdan har yil yakuni bo`yicha korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting e`lon qilib boriladi.
2021 yil 1 dekabrgacha daromad va mol-mulk deklarasiyalari bo`yicha ma`lumotlar bazasi shakllantiriladi.
2021 yil 1 oktyabrgacha davlat mablag`lari hisobiga qurilish-pudrat shartnomasi uchun o`tkaziladigan tanlovlar “Shaffof qurilish” tizimi ma`lumot almashinuvini ta`minlagan holda davlat xaridlari bo`yicha maxsus axborot portalida elektron tarzda amalga oshiriladi.
2022 yil 1 yanvargacha avtomobil yo`llari sohasiga tegishli ma`lumotlarni o`z ichiga oladigan “SHAFFOF YO‛L” onlayn axborot platformasi ishga tushiriladi.
2022 yil 1 yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilari muntazam korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha o`qitiladi.






