Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialida qayta qurib ta`mirlangan, yangidan jihozlangan radiologiya bo`limining ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Mirzag`olib Tillashayxov, poytaxtlik va mahalliy onkolog-mutaxassislar qatnashdi.
Marosimda Prezidentimiz tomonidan so`nggi yillar davomida aholi salomatligini saqlash, xususan, onkologiya sohasiga juda katta e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi. Shu davr mobaynida onkologiya kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan muassasalarda dori ta`minoti darajasi yaxshilangani, xorijiy klinikalar bilan aloqa o`rnatish, mutaxassislarning chet elda malaka oshirishi, aholini skrining tekshiruvlaridan o`tkazish ishlari yo`lga qo`yilgani aytib o`tildi.
Ta`kidlash lozimki, Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyat filialida oxirgi 2 yil ichida mahalliy byudjet va homiylik hisobidan qariyb, 7 milliard so`mlik qurilish-ta`mirlash va qayta jihozlash ishlari olib borildi.
Jumladan, respublikada birinchilar qatorida 500 million so`m mablag` evaziga 20 o`rinli palliativ tibbiy yordam ko`rsatish va 10 o`rinli bolalar onkologiyasi bo`limi tashkil etildi.
Shu yilning may oyida onkologiya markaziga 2 milliard so`m homiylik mablag`i evaziga mobil mammograf olib kelindi.
Qolaversa, avvallari andijonliklar nur terapiyasini olish uchun boshqa viloyatlar va Toshkent shahrida uzoq navbatda turishlariga to`g`ri kelardi. Endi esa hududdagi onkologiya markazida 2,2 milliard so`m miqdoridagi mahalliy byudjet mablag`lari hisobiga radiologiya bo`limi barpo etildi va eng zamonaviy radioterapevtik uskuna hamda etuk kadrlar bilan ta`minlandi.
Islom taraqqiyot bankining 550 ming AQSh dollari hisobiga Chexiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy radioterapiya uskunasi olib kelib, o`rnatildi.
Viloyatda radiologiya bo`limi ish boshlaganligi andijonlik barcha bemorlar shu erning o`zida, ortiqcha sarson bo`lmasdan, o`z vaqtida nur terapiya muolajalarini olish imkonini yaratishi quvonarli holdir.
Yaqin kunlarda 4 nafar radiolog Belarus Respublikasida, 5 nafar tibbiyot xodimi Hindistonda malaka oshirishi, shuningdek, Hindistonning etakchi klinikalaridan birining mutaxassislari bemorlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazishi va tibbiyot xodimlar uchun “mahorat darslari” tashkil qilinishi rejalashtirilgan.






