AsosiyJamiyat

Endilikda barcha murojaatlarga davlat tilida javob beriladi

'Endilikda barcha murojaatlarga davlat tilida javob beriladi'ning rasmi

2021 yil 9 iyul kuni Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan davlat tiliga oid qonun hujjatlariga amal qilish holatiga bag`ishlangan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv-seminar o`tkazildi. Bu haqda "Yangi O`zbekiston" nashri xabar bermoqda. 

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari va korxonalari tomonidan yuborilgan xat qaysi tilda bo`lishidan qat`i nazar, javob xati davlat tilida berilishi shartligi, bundan, chet davlatlar elchixonalari, xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari mustasno ekanligi ta`kidlandi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Rahbar kadrlar va mas`ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo`yicha daraja sertifikatini berish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2021 yil 4 fevraldagi 52-son qarori, unda belgilangan vazifalar, yuzaga kelayotgan muammolar haqida batafsil ma`lumotlar taqdim qilindi.

Bundan tashqari, «Davlat tili haqida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining Transport vazirligi tizimi, transport sohasi tashkilotlari hamda Sirdaryo viloyatida amalga oshirilishi holati quyidagi yo`nalishlarda o`rganilganligi, mazkur Qonuni ijrosi jarayonida yo`l qo`yilgan xato va kamchilik hamda ularni bartaraf etish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganligi haqida to`xtalib o`tildi:

  • xodimlarning Alisher Navoiy nomidagi o`zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o`qitish va malaka oshirish markazida malaka oshirishi;
  • 2019 yildan o`rganish davrigacha qabul qilingan buyruq, farmoyishlar, hujjatlar almashinuvi (chiqish hujjatlari);
  • ish yuritishning lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosida tashkil qilinishi (muhrlar, peshlavhalar, blanklarning tayyorlanishi);
  • tashkilotda davlat tiliga oid qonun hujjatlariga amal qilinishi bo`yicha mas`ul tayinlanganligi;
  • davlat tili haqidagi qonun hujjatlari mohiyatini targ`ib qilish.

Uchrashuv-seminar ishtirokchilari davlat tilida ish yuritish, lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o`tish, mas`ul lavozimlarga xodim qabul qilishda uning davlat tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatga ega bo`lishi kabi turli yo`nalishlarda o`zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

Boshqa yangiliklar