1

Ma`muriy huquqbuzarlikka oid ishlar elektron yuritiladi

Jamiyat 10.07.2021, 11:12
Ma`muriy huquqbuzarlikka oid ishlar elektron yuritiladi

“Ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni yuritishning elektron tizimini joriy etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

 Qaror bilan Ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida yagona elektron ish yurituv tizimi (“E-ma’muriy ish” tizimi) orqali ma`muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritish tartibi bo`yicha nizom tasdiqlandi. 

 Unga ko`ra, ma`muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar to`g`risidagi ma`lumotlarni vakolatli organlar tomonidan tekshirish, zarur ma`lumotlarni olish hamda ulardan foydalanish “E-ma’muriy ish” tizimi orqali amalga oshiriladi.  

Ichki ishlar vazirligi “E-ma’muriy ish” tizimini tashkil etish, uning sifatli va uzluksiz faoliyat ko`rsatishini ta`minlash bo`yicha mas`ul organ etib belgilandi.  

Qarorga ko`ra, ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga hamda prosessning boshqa ishtirokchilariga (jabrlanuvchi, guvoh, xolislar va boshqa ishtirokchilarga) ishni ko`rib chiqish vaqti va joyi haqida elektron xabarnoma yuborish mexanizmi ishlab chiqiladi.

 2021 yil 1 sentyabrgacha sud qarori bilan yoki boshqa sabablarga ko`ra bekor qilingan ma`muriy jarimalarni yoki kamaytirilgan jarimaning farqi summasini avtomatlashtirilgan tarzda fuqarolarga qaytarish mexanizmi yaratiladi.

 Nizomga ko`ra, quyidagilar ma`muriy ishlarni yuritishda hisobga olish elektron hujjatlari hisoblanadi:

▪️ ma`muriy bayonnoma;

▪️ ma`muriy jazo qo`llash to`g`risidagi qaror.

 Ma`muriy jazo qo`llash to`g`risidagi qaror “E-ma’muriy ish” tizimi orqali elektron hujjat shaklida chiqariladi hamda ijro etish uchun huquqbuzarga etkazib beriladi.  

Huquqbuzar unga ma`muriy jazo qo`llash to`g`risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to`lagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini to`lashdan ozod etiladi.  

Shuningdek, avtomototransportlarni jarima maydonchalariga qo`yish hamda chiqarish sud yoki vakolatli organlarning tegishli qarori asosida  “E-ma’muriy ish” tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Agar ma`muriy jazo qo`llash to`g`risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 3 oy davomida ijro etishga qaratilmagan bo`lsa, bunday qaror ijro etilmaydi.

Ma`muriy ishlarni yuritishda qonunlarning ijrosi ustidan prokuror nazorati “E-ma’muriy ish”  tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1