1

Bolalarning nafas a`zolari kasalliklari — tasnif, tahlil, davo choralari

Salomatlik 10.07.2021, 12:12
Bolalarning nafas a`zolari kasalliklari — tasnif, tahlil, davo choralari

Hozirda bolalar kasalliklariga e`tibor har qachongidan ham oshib boryapti. Bunga bir tomondan aholining tibbiy madaniyati yuksalganligi sabab bo`lsa, boshqa tomondan atrof-muhit ta`sirida bolalarda ayrim kasalliklar kuchayib borayotganini sabab qilib keltirish mumkin. Ular orasida nafas olish a`zolari kasalliklarining salmog`i yuqoriligi bolalar pulmonologlari oldiga jiddiy masalalarni qo`ymoqda. SSV bolalar bosh pulmonologi, tibbiyot fanlari doktori Furqat Shamsiev bilan shu masalalar haqida ma`lumot berdi.  

— Bolalar nafas a`zolari kasalliklariga nimalar kiradi?

—  Bolalarda nafas a`zolari kasalliklari bir necha guruxga bo`lingan bo`lib, ularga infeksion-yallig`lanish bilan kechadigan o`tkir va surunkali kasalliklar, allerik kasalliklar, chaqaloqlik davrida rivojlangan, tug`ma va nasliy kasalliklar kiradi.  

Infeksion-yallig`lanish bilan kechadigan o`tkir va surunkali kasalliklarga yuqori va pastki nafas a`zolari kasalliklari kiradi. Yuqori nafas a`zolaridan ko`prok rinit, faringit, tonzillit, otit,  sinusit, laringit; pastki nafas a`zolari kasalliklaridan esa traxeit, bronxit (o`tkir, surunkali, obstruktiv, qaytalanuvchi), bronxiolit, pnevmoniya, plevrit, bronxoektatik kasalliklar uchraydi.  

Allergik kasalliklarga bronxial astma, chaqalog`lik davrida rivojlangan kasalliklarga bronx-o`pka displaziyasi, Vilson-Mikiti sindromi kabi xastaliklarni kiritish mumkin.

Nasliy kasalliklarga o`pkaning idiopatik diffuz fibrozi, idiopatik o`pka gipertenziyasi, o`pkaning alveolyar mikrolitiazi, kartagener sindromi, mukovissidoz, alfa-1 antitripsin tanqisligi kabi qator kasalliklar kiradi.

Tug`ma kasalliklarga esa o`pkaning rivojlanish nuqsonlarini kiritishimiz mumkin.  

— Ularning xavflilik darajalari ham turlicha, shunday emasmi?

— Albatta, yuqorida tilga olingan har bir xastalikning xavflilik darajasi har xil. Ba`zilari engil shaklda kechsa, aksariyatining xavflilik darajasi ancha yuqori.  

Nafas olish tizimining asosiy vazifasi — organizmni kislorod bilan ta`minlashdir. Bu tizimning biror bo`g`inida shikastlanish kuzatilsa, butun tizim ishdan chiqishi mumkin, bu esa organizmda kislorod etishmasligi (gipoksiya)ga va undan keyin qaytarib bo`lmaydigan jarayonlarni yuzaga kelishiga sabab bo`lishi mumkin.  

Bola organizmida gipoksiyaning kelib chiqishiga to`xtalsak, birinchidan, bu bolaning nafas yo`llari anatom-fiziologik xususiyatlariga bog`liq bo`lsa, ikkinchidan, nafas yo`llari o`ta sezuvchan bo`lib, turli infeksiya, allergen yoki boshka qo`zg`atuvchiga darrov gipersezgirlik reaksiyasini berib, nafas siqishi, hansirashga olib kelib, bolaning xayotiga xavf tug`dirishi mumkin. Yuqorida sanab o`tilgan kasalliklarning barchasi ozmi-ko`pmi bolaning hayotiga xavf tug`diradi.  

Ayniqsa, o`tkir bronxoobstruksiya, o`pkada gazlar almashunivining buzilishi, nafas qisish xuruji (astmatik status) va boshqa holatlar o`tkir nafas etishmovchiligi natijasida bolaning hayoti uchun o`ta xavfli xisoblanadi.  

— Bolalardagi pulmonolgik kasalliklarning engil darajalarini  uy sharoitida davolash imkoni qay darajada?

—  Bolalarda nafas olish a`zolari kasalliklarining engil darajasini davolashni uy sharoitida ham tashkil qilish mumkin. Davolash jarayoni Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan davolash standartlari asosida uchastka shifokori nazoratida olib borilishi kerak. Ota-onalar bolasiga o`z vaqtida dorilarni berib, kasallikning kechishi haqida uchastka shifokoriga ma`lumot berishi kerak. Uyda xonalarni tez-tez shamollatib, tozalikka rioya qilib, bolaning yoshiga mos vitamin va minerallarga boy maxsulotlar bilan to`g`ri ovqatlantirish, ko`p suyuqlik ichirish kerak. Bolaga to`g`ri nafas olishni,  va nafas olish gimnastikasini o`rgatish lozim. Surunkali kasalliklari bor bolalarga esa kasallik xuruji paytida uy sharoitida ingalyasiya(dori moddalarini nafas yo`llariga kiritish)ni yoki nafas olishga yordam beruvchi qurilma (nebulayzer)dan foydalanishni ham o`rgatish kerak. Bola tuzalgandan keyin unga shaxsiy gigiena qoidalarini, sog`lom turmush tarziga rioya qilishni tushuntirib borish zarur bo`ladi.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1