Toshkent shahar IIBB xodimlari Internet tarmog`ida tarqalayotgan ayol va erkak kishining do`kondan o`g`rilik sodir etayotganligi videokuzatuv kamerasiga tushib qolgan videotasvirni o`rganib chiqdi. Mazkur holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Mazkur holat bo`yicha Toshkent shahar IIBBga ariza kelib tushmagan. Shunga qaramasdan, Toshkent shahar IIBB xodimlari videotasvirni o`rganib, avtomobil raqami orqali haydovchini va avtomobil egasini shaxsini aniqlashdi.
«Captiva» (davlat raqami 01 D 080 NA) rusumli avtomobil 30 yoshli Aziza D.ga tegishli, lekin ko`pincha transport vositasini ishonchnoma orqali uning akasi 41 yoshli Anvar D. boshqaradi. Ushbu fuqaro topilib, holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBBga chaqirtirildi. Anvarning so`ziga ko`ra, holat 2021 yil 26 iyun kuni taxminan soat 21.00 larda, Toshkent viloyati Toshkent tumani Ravnaq ko`chasida sodir bo`lgan.
Do`kon egasi Toshkent viloyati IIBBga ariza bilan murojaat qilib, haqiqatdan ham o`g`irlik yuz berganligini tasdiqlagan va 225.000 so`m miqdorida moddiy zarar etkazilganligini ma`um qilgan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilmoqda, natijasi bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.