Xalq ta`limi vazirligi xodimlari 6 oyda 267 marotaba hududlarda xizmat safarlarida bo`lib 395,5 mln.so`m xarajat qildi. Bu haqda Vazirlik Axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Xalq ta`limi vazirligi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta`minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 2021 yil 16 iyundagi Farmoniga muvofiq rasmiy saytida xodimlarning xizmat safarlari to`g`risidagi ma`lumotlarni e`lon qilmoqda.
Joriy yilning dastlabki yarim yilligida joylarda ta`lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta`limni rivojlantirish istiqbollarini o`rganish maqsadida hamda Respublika ishchi guruhlari tarkibida Xalq ta`limi vazirligi rahbariyati hamda markaziy apparatining mutaxassis xodimlari 267 marta Respublikaning turli hududlariga xizmat safarlarini amalga oshirgan.
Hisob-kitoblarga ko`ra, mazkur safarlar uchun 395,5 mln. so`m miqdorida xarajat qilingan.
Aytish joizki, xizmat safarlarii doirasida maktablarda yaratilgan sharoitlar, ta`lim sifati, maktablarda ta`lim darajasini oshirish, ta`lim muassasalarining er maydonlari va daxlsizligi, ulardan unumli foydalanish, maktab binolarini soz holatda saqlash kabi masalalarga e`tibor qaratilgan.






