Qurbon hayitini nishonlash to`g`risida Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi:
Muborak Qurbon hayitining xalqimizga xos bo`lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o`zaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini e`tiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulug`lash maqsadida:
1. O`zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 20 iyul – seshanbaga to`g`ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021 yil 20 iyul kuni Qurbon hayiti bayrami etib belgilansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 maydagi “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo`shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko`chirish to`g`risida”gi PF–6122-son Farmoniga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi PF–6222-son Farmoni bilan 2021 yil 21–22 iyul kunlari ham dam olish kunlari sifatida belgilanganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda xalqimizning milliy va diniy an`analariga mos ravishda oila davrasida o`tkazish afzalligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.
3. O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog`liq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev






