Joriy yilning 26 iyun kuni Olmazor tumanida joylashgan “To`xtaboy” jome masjidi Abror Muxtor Aliy ma`ruza qilayotgan paytda bir fuqaro janjal ko`targani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalga edi.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati janjal ko`targan fuqaro 1980 yilda tug`ilgan Arifxodjaev Fozilxodja haqida ma`lumot berdi.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o`tkazilib, to`plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor sudiga taqdim etilgan. Sud F.Arifxodjaevni O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 183-moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topib, 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Tekshiruv jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga F.Arifxodjaevning uyali aloqa vositasida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etganligi haqida xabar kelib tushgan. Mazkur materiallarning xususiyatiga aniqlik kiritish maqsadida telefon apparati prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan, diniy mazmundagi materialni tekshirish uchun dinshunoslik ekspertizasi tayinlangan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha Qo`mitaning xulosasiga ko`ra, F.Arifxodjaevning Facebook ijtimoiy tarmog`idagi “Fozilxo`ja Arifxodjaev” nomli profiliga joylashtirilgan ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ`ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishligi aniqlangan. Ularni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Ushbu holat bo`yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan F.Arifxodjaevga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (“Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov olib borilmoqda.
"Hurmatli fuqarolar! Tergov jarayoni yakuniga etib, sud tomonidan F.Arifxodjaevning harakatlariga nisbatan huquqiy baho berilmagunicha, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi tasdiqlanmagan ma`lumotlarga ishonmasligingizni, o`zingiz ham noxolis va mas`ul tashkilotlar tomonidan tasdiqlanmagan ma`lumotlarni tarqatmasligingizni so`raymiz!"- deyiladi IIBB Axborot xizmati xabarida.






