AsosiyJamiyat

O`zbekiston Prezidenti Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakilini qabul qildi

'O`zbekiston Prezidenti Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakilini qabul qildi'ning rasmi

Bugun o`tayotgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Evropa komissiyasi vise-prezidenti, Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakili Jozep Borrelni qabul qildi.

Ko`p qirrali O`zbekiston-EI hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Jozep Borrel davlatimiz rahbariga Evropa kengashi Raisi Sharl Mishel va Evropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi hamda O`zbekiston etakchisining Markaziy va Janubiy Osiyo bog`liqligini mustahkamlash borasidagi global tashabbusi muhim ahamiyatga ega va o`z vaqtida ilgari surilayotganini ta`kidladi.

Uchrashuvda keyingi yillarda O`zbekiston va EI sherikligi jadal sur`atlar bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ko`p qirrali hamkorlikni, eng avvalo inson kapitali va demokratik yangilanishlar, biznes, investisiya va innovasiyalarni ilgari surish, “yashil” taraqqiyot, ekologiya, madaniy almashinuv va boshqa yo`nalishlarda yanada kengaytirish muhim ekani ta`kidlandi. O`zbekiston va Evroittifoq o`rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi yangi bitim bo`yicha muzokaralar yakuniga etayotgani ma`lum qilindi.

Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham batafsil fikr almashildi. Afg`onistonda tinchlik o`rnatishga ko`maklashish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

 

    Boshqa yangiliklar