Bugun Toshkentdagi xalqaro konferensiya dasturi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o`rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli ko`p qirrali O`zbekiston-Turkmaniston yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani alohida ta`kidlandi.
Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning salomi va samimiy tilaklarini etkazdi. O`zbekiston etakchisining Markaziy va Janubiy Osiyo bog`liqligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari yuksak baholandi.
Ikki mamlakat o`rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi. Qo`shma hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishini o`tkazish muhimligi qayd etildi.
Joriy yilning 6 avgust kuni “Avaza” milliy turizm zonasida o`tkaziladigan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning borishi muhokama qilindi.
Afg`onistonda qaror topayotgan murakkab vaziyat yuzasidan fikr almashildi.






