Olib borilgan tekshiruv harakatlari davomida, Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro R.G. 2021 yil 14-aprel kuni “Telegram” ijtimoiy tarmog`ida 2019-yilda tug`ilgan jiyani X.I.ning og`ir darajada kuyganligi sababli unga moddiy yordam guruhini ochib, ushbu guruhga o`zining telefon raqami, bank plastik karta raqami va jiyanining kuygan holatda tasvirga olingan videolavhalarni joylashtirgan. 27-aprel kuni noma`lum shaxs tomonidan ushbu videolavhalar ko`chirib olinib, boshqa bank plastik karta raqami va telefon raqamini qo`yib, xalqdan yordam so`rab bir qator guruhlarda joylashtirgan soxta xayriya e`lonlari aniqlandi. Bu haqda zamon.uz saytida ma`lum qilindi.
Olingan tezkor ma`lumotlar natijasida, may oyida Jizzax viloyati, Paxtakor tumani hududida IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur noqonuniy harakatni Paxtakor tumanida yashovchi 2002-yil tug`ilgan fuqaro M.R. sodir etganligi aniqlanib, bir dona bank plastik kartasi va smartfoni ashyoviy dalil tariqasida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Ushbu shaxs “Telegram” dagi bir qator guruhlarda videolavhalarni tarqatish orqali fuqarolardan soxta xayriya e`loni ostida ko`rsatgan bank plastik kartasiga jami bo`lib 11.000.000 so`mga yaqin pul mablag`larini tushirib, ushbu pullarni o`zining ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.R.ga nisbatan Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






