Qorako`l tumani Tayqir mahallasida yashovchi fuqaro M.Yu., tuman Ichki ishlar bo`limiga ariza bilan murojaat qilib, noma`lum shaxs 2021 yilning 10 aprel kuni qizi E.N. ning telefoniga ulangan “Telegramm” messenjeri orqali pul yutug`i chiqqanligi va yutuqni olish uchun plastik karta raqamini yuborish lozimligini aytib, qizning nomiga rasmiylashtirilgan va ushbu telefonga ulangan plastik karta maxfiy kodi va raqamlarini olishga erishib, plastik karta hisobida bo`lgan jami 2.551.000 so`m pullarni echib olganligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo`limi huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, kechiktirib bo`lmas tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda tuman IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor-texnik, hamda surishtiruv va tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Navoiy viloyati, Navoiy shahar Memorlar ko`chasida yashovchi, 1998 yilda tug`ilgan Buxoro Muhandislik texnologiya institutining 3-bosqich talabasi X.H. sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi yuzasidan hamda ushbu shaxsning viloyatimizning boshqa hududlarida yoki respublikamiz bo`ylab sodir etilgan va fosh etilmasdan qolayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorlik masalasini aniqlash maqsadida dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






