Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakolatxonasiga 2 nafar o`zbekistanlik mehnat migranti huquqiy yordam so`rab murojaat qildi, deya xabar berdi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Axborot xizmati.
Ma`lum bo`lishicha, joriy yil 5 iyulda mazkur fuqarolar Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg viloyatiga Moskva orqali kelgan. Ularni qurilish korxonasi direktori o`rinbosari I.Sh. ismli shaxs kutib olib, korxona yotoqxonasiga joylashtirgan.
Ba`zi sabablarga ko`ra, Sh.B. va X.D. ish beruvchi bilan kelisholmay, biri salomatligi yomonlashib ishlay olmasligi, yana bittasi til topisha olmayotganini aytib, pasportini so`ragan. Ish beruvchi fuqarolarga hujjatlarni qaytarishdan bosh tortgan.
Muammoni o`rganish maqsadida vakolatxona xodimi ish beruvchi bilan muzokara olib bordi. Muzokarada fuqarolar qurilish korxonasi hisobidan olib kelinganligi aniqlandi. Ish beruvchi bilan kelishuvga erishildi va fuqarolarning pasportlari olib berildi.






