Avvalroq, 16 iyun kuni ijtimoiy tarmoqda "Kuniga 50 ta bayonnoma yozadigan GAI" sarlavhasi ostidagi video lavha tarqalgani haqida xabar bergandik. Mazkur holatlar yuzasidan Toshkent viloyati IIBB YHXB mas`ullari tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilayotgan edi.
Tekshiruv yakuniga ko`ra, YPX xodimi Sh.Saparov 2021 yil 1 yanvar kuni viloyat IIBB YHXB boshlig`i tomonidan tasdiqlangan dislokasiya asosida Angren shahar hududida xizmat olib borganligi ma`lum bo`lgan.
"Lada Largus" rusumli avtomobil haydovchisi F.I. bilan telefonda muloqot vaqtida YPX xodimlari xavfsizlik kamari taqmagan haydovchilar bo`yicha kuniga 50 dona ma`muriy bayonnoma tuzishi kerakligini aytgan Angren shahar IIB YHXB xodimi S.Abdurasulovning xatti-harakatlari Toshkent viloyati IIBB ikkinchi mintaqaviy hudud "Intizom kengashi"da muhokama qilinishi bo`yicha xulosa qabul qilindi.
Shuningdek, haydovchi F.I.ga nisbatan harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmaganligi uchun YPX xodimi Sh.Saparov tomonidan rasmiylashtirilgan elektron shakldagi bayonnoma asosli deb topildi.






