AsosiyJamiyat

Andijonda itlarni so`yib, go`shtini iste`mol qilayotgan shaxs aniqlandi (video)

'Andijonda itlarni so`yib, go`shtini iste`mol qilayotgan shaxs aniqlandi (video)'ning rasmi

21 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda it so`yish bilan shug`ullanayotgan shaxs borligi haqida tarqalgan videoxabarlar Andijon shahri bo`yicha IIOFMB mas`ul xodimlari tomonidan o`rganib chiqildi. Bu haqda Andijon viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning 3 iyul kuni Andijon shahri bo`yicha IIOFMBga Andijon shahar SEO va JSXning 01-672-sonli xati va to`plangan hujjatlari kelib tushgan. Unga ko`ra, SEO va JSX xodimlari tomonidan Andijon shahar O`zgarish MFYda yashovchi fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatga asosan, T.Keldiev ko`chasi 75 uyda yashovchi fuqaro O.G`.ning yashash xonadoni borib o`rganilganida ushbu fuqaro xonadonida jami 12 ta it va kuchuklarni ularni boqish qoidalarini buzgan holda saqlab kelayotganligi, shuningdek, ushbu xonada itning terisi va suyaklari aniqlangan. Shu sababli O.G` tomonidan so`yilgan it go`shtlari go`sht mahsuloti sifatida kimga va qaerga berilganligi holatiga aniqlik kiritishda amaliy yordam berish so`ralgan.

Shunga asosan Andijon shahri bo`yicha IIOFMB mas`ul xodimi tomonidan olib borilgan tekshiruv jarayonida fuqaro O.G` oxirgi olti oydan buyon o`zining iste`moli uchun itlarni so`yib, go`shtini iste`mol qilib kelganligi, ammo it go`shtini go`sht mahsuloti sifatida biron bir shaxsga sotmaganligi va topshirmaganligi aniqlandi.

Ish bo`yicha to`plangan hujjatlardan kelib chiqib, fuqaro O.G` o`zining ushbu harakatlari bilan yashash manzilidagi xonada it boqishning qoidalarini buzganligi uchun O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 110-moddasi 1-qismida hamda hayvon, jumladan, itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lish oqibatida ular o`lishiga sababchi bo`lganligi uchun 111-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Qonunda va uning sanksiyasida huquqbuzarni belgilangan jarimadan ozod qilish asoslari nazarda tutilmaganligi sababli hozirda fuqaro O.G`.dan huquqbuzarligi yuzasidan belgilangan jarimani undirish choralari ko`rilmoqda.  

    Boshqa yangiliklar