Qurilish faoliyati bilan shug`ullanuvchi MChJning rahbari va yurist-konsulti 4 nafar jinoiy sheriklari bilan kelishgan holda, boshqa bir qurilish firmasi boshlig`iga Mudofaa vazirligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlaridan birida rejalashtirilgan 65 mlrd. so`mlik kapital ta`mirlash ishlarini olib berish evaziga, shartnoma qiymatining 4 foizi miqdorida pul berishini talab qilishadi va oldindan 30 ming AQSh dollari so`rashadi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma`lum qildi.
DXXning Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda ular so`ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxslar Mudofaa vazirligining umumiy qiymati 110 mlrd so`mni tashkil etuvchi boshqa qurilish ob`ektlarini surxondaryolik ikki mijozga olib berishni rejalashtirganliklari ham ma`lum bo`ldi.
Toshkent viloyatida kuzatilgan yana bir shunga o`xshash holatda esa 1973 yil Farg`ona viloyatida tug`ilgan shaxs va 1978 yil Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan fuqaro Chinoz tumanidagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan birining rahbari bo`lib ishlovchi 1975 yilda tug`ilgan ayol hamda muqaddam xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tizimida faoliyat yuritgan 1972 yilda tug`ilgan ayol bilan kelishgan holda, qurilish firmasi vakiliga ushbu hududdagi ko`pqavatli uylarda umumiy qiymati 5 mlrd so`mlik qurilish-montaj ishlarini olib berish evaziga undan 25 ming AQSh dollari talab qilishadi.
O`tkazilgan tezkor tadbirda ular avans sifatida 10 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.
Toshkent viloyatida yashovchi, muqaddam ichki ishlar idoralarida ishlagan shaxs jinoiy sherigi bilan kelishgan holda o`zganing ishonchiga kirib, uning pul mablag`ini o`zlashtirishni reja qiladi.
U ichki ishlar organlaridagi mansabdor tanishlari orqali Toshkent shahrida yashovchi fuqaroni IIV Akademiyasi qoshidagi serjantlar tayyorlash maktabiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 13 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXXning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbirida firibgarlar so`ralgan puldan 6 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro avtomobillarga texnik xizmat ko`rsatish shohobchasini tashkil qilish maqsadida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 240 mln. so`m kredit olish uchun “Agrobank”ning tuman filialiga murojaat qiladi. Biroq bank xodimlari turli vajlar bilan unga kredit ajratishni kechiktirib keladi.
DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda “Agrobank”ning Sardoba tuman filiali ish o`rganuvchisi ushbu kreditni olib berish evaziga 24 mln. so`m talab qilib, shundan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






