2021 yilning 16 iyul kuni, O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, Jizzax va Namangan viloyatlarida yashovchi “Hizb ut-Tahrir” ekstremistik tashkiloti g`oyalarini qo`llab-quvvatlab kelayotgan noqonuniy guruh a`zolari ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi. Bu haqda IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xabar qildi.
Mazkur shaxslar Respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarga qaramasdan, o`zlarining g`arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun jinoiy til biriktirib, mavjud konstitusiyaviy tuzumni ag`darish va islomiy “xalifalik davlati” qurish maqsadida aholi orasida faol targ`ibot ishlarini olib borishgan.
Xususan, Namangan viloyatida yashovchi, muqaddam ushbu tashkilot safida faoliyati uchun jazo muddati o`tab ozodlikka chiqqan shaxslar hukumat tomonidan ko`rsatilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yordamlarga qaramay, sodir etgan qilmishlaridan o`zlariga to`g`ri xulosa chiqarmasdan, ekstremistik faoliyatlarini davom ettirib kelgan. Ushbu shaxslar o`zaro jinoiy til biriktirib, “Hizb ut-Tahrir” ekstremistik tashkiloti g`oyalarini qo`llab-quvvatlab, yashirin ravishda ushbu tashkilot materiallari va buzg`unchi g`oyalarini aholi orasida faol targ`ib qilib kelganligi aniqlandi.
Shuningdek, tadbir davomida Jizzax viloyatida yashovchi muqaddam “Hizb ut-Tahrir” ekstremistik tashkiloti safidagi faoliyati uchun jazo muddatini o`tab chiqqan shaxslar, o`z farzandlariga ham tashkilot g`oyalarini singdirib kelganligi, natijada ularning farzandlari tomonidan yashirin jinoiy guruh tashkil etilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tashkilotning xorijda bo`lgan da`vatchilari tomonidan tayyorlangan audio-video materiallarni tarqatib kelinganligi ma`lum bo`ldi.
Hozirda, faoliyatiga chek qo`yilgan noqonuniy guruh a`zolariga nisbatan surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.






