“Davlat xizmatlari ko`rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi
Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 noyabrdan:
- “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro`yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali davlat xizmatlarini ko`rsatishda davlat bojlari, yig`imlar va boshqa har qanday to`lovlar bo`yicha 50 foiz miqdorida chegirma qo`llaniladi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno);
- Davlat xizmatlari markazlari, “Lisenziya” axborot tizimi hamda YaIDXP orqali ko`rsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun to`langan davlat bojlari, yig`imlar va boshqa har qanday to`lovlarning 50 foizi ularga 1 ish kunida qaytariladi. Bunda ariza beruvchiga tegishli davlat xizmati bepul ko`rsatiladi.
2022 yil 1 yanvardan ayrim davlat xizmatlarini (8 ta) ko`rsatishda undiriladigan davlat bojlari, yig`imlar va boshqa to`lovlar miqdorlari kamaytiriladi.
2021 yil 1 dekabrdan:
- chet elda doimiy yashovchi O`zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O`zbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;
- O`zbekistonda doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi;
- lisenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun milliy valyutada belgilangan to`lovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi (qonunchilik hujjatlarida to`lovlar belgilanmagan yoki bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizidan kam miqdorda belgilangan hollar bundan mustasno).