AsosiyJinoyat

Bekobodda voyaga etmagan bolalarga noqonuniy diniy saboq berayotganlar aniqlandi

'Bekobodda voyaga etmagan bolalarga noqonuniy diniy saboq berayotganlar aniqlandi'ning rasmi

Respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi aka-ukalar o`z xonadonlarida jami 25 nafar voyaga etmagan bolaga noqonuniy tarzda diniy saboq berayotganliklari aniqlandi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda. 

Ma`lum bo`lishicha, Bekobod tumanidagi masjidlardan birining imom-xatibi o`z uyida har kuni 5 nafar bolani o`qitib, ulardan oylik to`lov sifatida 800 ming so`mdan olgan.

Uning akasining xonadonida esa 20 nafar bola ham yashab, ham diniy saboq olgan. Bu manzildagi bolalar uchun oylik to`lov 1,5 mln. so`mni tashkil etgan. Shuningdek, mazkur shaxs saboq berish jarayonlariga 21 yoshli o`g`lini ham jalb qilgan.

Ushbu bolalar 2005–2015 yillar oralig`ida tug`ilgan bo`lib, ularning ko`pchiligi boshlang`ich sinf o`quvchilari hisoblanadi. Bolalar orasida nafaqat bekobodlik, balki, qo`shni Bo`ka tumanidan, Toshkent shahrining Sergeli tumanidan, Sirdaryo viloyatining Shirin shahridan hamda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidan kelganlar ham bor.

Bolalardan biri Bo`ka tumanidagi umumiy o`rta-ta`lim maktabi direktorining o`g`li bo`lib, u 2020-2021 o`quv yilida maktabdagi darslarga umuman qatnamagan.  

Achinarlisi, imom-xatibning akasi saboq berish jarayonida vazifalarni o`zlashtirmagan bolalarni kaltaklab, ularni och qoldirish bilan jazolagan.

Ta`kidlash lozimki, psixolog tomonidan bolalar bilan o`tkazilgan suhbatda, ularning ko`pchiligi ota-onalarining xohish-istaklari bilan o`qishga kelganliklarini ma`lum qilishgan.  

Jinoyat ishlari bo`yicha Bekobod shahar sudi tomonidan uch nafar shaxsning noqonuniy harakatlari ko`rib chiqilib, ularga O`zbekiston Respublikasi Mamuriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko`ra, bazaviy hisoblash miqdorining 7-8 baravari miqdorida jarima solindi. Shuningdek, imom-xatibning akasiga 10 sutka ma`muriy qamoq jazosi ham tayinlandi

Boshqa yangiliklar