AsosiyJamiyat

“Zangiota”dan chiqqan oila hikoyasi

'“Zangiota”dan chiqqan oila hikoyasi'ning rasmi

—  Bir necha kun uyda shamollashga qarshi davolandik, dori-ukol, “kapelnisa” oldik. Er-xotin uyda bir ahvolda yotdik, oxirgi kunlari ovqat qilishga, hatto borini oldimizga olib eyishga holimiz, hafsalamiz qolmadi. Yaxshiyamki, sal avvalroq bolalarimni qishloqqa — buvisinikiga jo`natgandik. Bu orada olgan davo muolajalarimizga 4-5 million pulimiz ketdi. Ammo ahvolimiz battarlashib borsa bordiki, o`nglanishdan darak bo`lmadi. Boshida shamollash, o`tib ketadi, deb o`ylagandik. Ammo ikkalamizning ham holatimiz koronavirus alomatlari kabi kuchayib borardi. Ochig`i, buyog`iga dori-darmon olishga ham pulimiz qolmadi. Tanish-bilishlarning maslahati, qistovi bilan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borishga qaror qildik. U erda bizga juda yaxshi qarashdi, vrachlar ham, hamshiralar ham muntazam holimizdan xabar olib, barcha zarur muolajalarni qilishdi. Oziq-ovqat, dori-darmon, barcha turdagi tekshiruvlar — hamma-hammasi shifoxona tomonidan amalga oshirildi. Yaxshiyamki, biroz kech bo`lsa-da, kasalxonaga borganimiz, bormaganimizda bilmadim, nima bo`lishini hatto o`ylashga ham qo`rqaman. Faqat farzandlarim ko`z oldimdan o`tardi, ularning holi ne kechadi, degan o`ylar bilan tong ottirardim.

Shukrki, kundan-kunga salomatligimiz yaxshilana boshladi.  Menga 3 kunda ruxsat berishdi. Ammo xo`jayinimning ahvoli yomonroq bo`lgani uchun 14 kun shifoxonada davolandi. Erkak kishi dardga engil bo`ladi, deganlari rost ekan. Ancha qiynaldilar, nafas olishlari og`irlashdi. Shifokorlarimizga ming rahmat, ular turmush o`rtog`imning joniga oro kirib, qo`llaridan kelgan barcha yordamni ko`rsatishdi. Xo`jayinim ham sog`ayib uyga qaytganlarida boshimizdan kechirganlarimiz ko`zimdan bir-bir o`tib, ham quvonchdan, shukronalikdan, ham qo`rquv va vahimadan yig`lab yubordim. Barcha qiyinchiliklarimiz ortda qolgani rost bo`lsin...

 

Afsuski, bugun bu kabi xastalanayotganlar soni, maxsus shifoxonalarda, o`z xonadonlarida "COVID-19" bilan og`rib, davolanayotganlar safi ko`payib bormoqda. Bu xavfli kasallik zanjirini uzish uchun har birimiz harakat qilishimiz, o`zimizni asrash bilan virus tarqalishining oldini olishga hissa qo`shishimiz lozim.  

O`zA dan Muhtarama Komilova suhbatlashdi

Boshqa yangiliklar