Ijtimoiy tarmoqda “OHANGARON TUMANI HOKIMI A-373 TRASSASIDA YaLPI HAShAR O`TKAZMOQDA” sarlavhasi ostida material e`lon qilindi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bilan chiqdi.
Ma`lum bo`lishicha, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi 799-son qarori bilan tasdiqlangan “Haq to`lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to`g`risida”gi Nizom ijrosi yuzasidan vaqtinchalik tashkil etilgan haq to`lanadigan jamoat ishlarida ishlagan fuqarolarga tegishli tartibda oylik ish haqlari to`lab beriladi.
Tasvirlardagi fuqarolarning aksariyati obodonlashtirish xodimlari bo`lib, ular mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda, ish kunida o`z vazifalarini bajarmoqda.
Shuningdek, ish hajmi kattaligi bois hashar yo`li orqali viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan jamoat ishchilari ham vaqtinchalik ishga ixtiyoriy jalb qilingan. Ularning ham ish haqlari belgilangan tartibda to`lab beriladi.