Xabaringiz bor, 23 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasiga start berildi.
Bu, o`z navbatida, Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiyalar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish bo`yicha kalendar rejadagi tadbirlarni o`z vaqtida hamda bosqichma-bosqich amalga oshirib borishlari zarurligini anglatadi.
Siyosiy partiyalarning o`z vakolatli vakillarini tayinlaganligi hamda ularni o`rnatilgan tartibda ro`yxatga olish va belgilangan namunadagi mandatni berish haqidagi murojaatlari Markaziy saylov komissiyasiga kelib tusha boshladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, 26 iyul kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ana shunday murojaatlar kelib tushdi.
Ta`kidlash joizki, saylov kampaniyasida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya o`rtasida muloqot olib borish, talab etilgan hujjatlarni taqdim qilishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun Vakolatli vakil faoliyati yo`lga qo`yiladi.
Vakolatli vakil, birinchi navbatda, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal qilib boradi.