Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali talabasi I.E. fuqaro A.ning ishonchiga kirib, uni ushbu universitetga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 54 mln so`mni firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ushlanib, uning ko`rsatuviga asosan davom etgan tadbirda, I.E.ning sherigi yana bir talaba O.X. 42,4 mln so`mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departament hamda DXXning Farg`ona viloyati boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.A. Namangan davlat universiteti talabasi I.P. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro Sh.ni Qirg`iziston Respublikasidagi universitetlardan biriga Iqtisodiyot yo`nalishi bo`yicha o`qishga kiritish va 1-bosqichni tamomlaganligi haqida ma`lumotnoma tayyorlatib berish evaziga 2 500 AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






