Bu haqda 2021 yil 27 iyul kuni Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasining majlisida ma`lum qilindi.
Majlisda Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo`yicha reyting tizimini joriy etish to`g`risidagi masala muhokama qilingan.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2021 yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonida yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo`yicha reyting tizimini joriy etish belgilandi. Shu munosabat bilan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo`yicha reyting tizimini joriy etish to`g`risidagi Senat qarori, Nizom va reyting baholash tartibi loyihalari ishlab chiqildi.
Endilikda mutlaqo yangi tizim – yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo`yicha reyting tizimi joriy etilmoqda.
Senat huzurida reyting baholash bo`yicha tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilishi maxsus indekatorlar asosida baholanadi.
Bu borada Qo`mita tomonidan tegishli indekator va subindekator ishlab chiqildi. Ushbu indekatorlar har bir hudud bo`yicha alohida hisoblab chiqiladi.
Tuman va shaharlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan indikatorlar asosida reyting baholanadi. Indikatorlarni hisoblashda hududlar tomonidan taqdim etilgan rasmiy statistik va tahliliy ma`lumotlardan foydalaniladi. Hududlarni reyting baholash bo`yicha ishchi organi etib, O`zbekiston Yoshlar ishlari agentligi belgilanmoqda.
Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilish holati indikatorlarning miqdoriga qarab, noldan yuz ballgacha reytingda baholanadi va shu tartibda eng yuqori ball to`plagan hudud aniqlanadi.
Majlisda qonunlarning ijro etilishi holati, huquqni qo`llash amaliyotini o`rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari to`g`risidagi masala ham ko`rib chiqildi. Xususan, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to`g`risida”gi hamda “Dafn etish va dafn ishi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama etildi. Senatorlar, ekspertlar va soha mutaxassislari tomonidan mazkur qonunlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish bo`yicha takliflar ilgari surildi.
Ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo`mitaning tegishli qarori qabul qilindi.






