Avvalroq, O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi majlisining 2-son bayoni tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
Kiritilgan yangi tartibga ko`ra, sport musobaqalarida sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritgan sportchi-o`quvchilar hamda ularning ota-onalari murojaatlarini inobatga olgan holda, sport turlari hamda paralimpia sport turlari bo`yicha Osiyo va Respublika chepionatlarida oxirgi uch yilda g`olib va sovrindor bo`lgan sportchi-o`quvchilarni qo`llab-quvvatlash maqsadida, istisno tariqasida, 2021/2022 o`quv yili qabulida faqat “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo`yicha)” va “Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha o`qishga kirish uchun onlayn ro`yxatdan o`tgan ushbu toifadagi abiturientlarni o`qishga qabul qilish tartibi belgilandi.
Unga ko`ra:
— ikkinchi mutaxassislik fani (umumiy jismoniy tayyorgarlikni nazarda tutgan holda) hamda majburiy uchta fanga – ona tili (o`zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va O`zbekiston tarixi bo`yicha test sinovlaridan ozod etgan holda maksimal ball beriladi;
— kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko`ra, ushbu toifadagi abiturientlarning to`plagan ballariga muvofiq, ular umumiy tanlovdan tashqari davlat granti va to`lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinadi. Bunda, kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko`ra, ushbu toifadagi abiturientlarni davlat granti va to`lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilish uchun minimal o`tish bali Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq belgilanadi;
— “Sport faoliyati” va “Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha o`qishga kirish uchun onlayn ro`yxatdan o`tish jarayonida mazkur bakalavriat ta`lim yo`nalishlarining sirtqi ta`lim shaklini tanlagan ushbu toifadagi abiturientlar kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko`ra faqat to`lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilishi mumkin;
—“Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha o`qishga kirish uchun onlayn ro`yxatdan o`tgan ushbu toifadagi abiturientlarga sovrinli o`rinlar qo`lga kiritilgan sport turlarining xususiyatidan kelib chiqib, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo`yicha)” bakalavriat ta`lim yo`nalishining sport turlari bo`yicha tuzilgan fan dasturlari asosida birinchi mutaxassislik fani bo`yicha kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) o`tkaziladi;
— sovrinli o`rinlar qo`lga kiritilgan sport turlarining xususiyatidan kelib chiqib, birinchi mutaxassislik fani bo`yicha kasbiy (ijodiy) imtihon oliy ta`lim muassasasi professor-o`qituvchilari, tegishli sport federasiyalari, Turizm va sport vazirligi hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi vakillaridan iborat bo`lgan tarkibda tuziladigan imtihon komissiyasi tomonidan onlayn videotranslyasiya qilingan holda belgilangan muddatlarda o`tkaziladi.