Pandemiyaning ilk kunlaridanoq jamoatchilikning koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq savollariga o`z vaqtida javob berish, fuqarolarga tibbiy yo`l-yo`riq ko`rsatish tizimi yo`lga qo`yilgan edi. Bir yil avval ishga tushgan qisqa raqamli 1003 Call-markazi hozirda ham tunu kun faoliyat ko`rsatmoqda.
O`tgan yil kasallik avjiga chiqqan vaqtda unda 200 nafardan ortiq professor o`qituvchilar, tajribali shifokorlar uch smenada uzluksiz fuqarolarning murojaatlarini qabul qilgan edi. Shu yilning may-iyun oylarida markazda 15 nafar mutaxassis qo`ng`iroqlarga javob bergan bo`lsa, iyulda murojaatlar soni oshgani munosabati bilan oy boshida 25 nafar, hozirda esa 50 nafar mutaxassis navbatma-navbat tunu kun uch smenada xizmat qilmoqda.
Ularning orasida tibbiyot fanlari nomzodi va doktorlari, malakali mutaxassislar bo`lib, fuqarolardan tushgan savollarga tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar berishmoqda.
Ma`lumot uchun, Call-markazga joriy yilning may oyida kuniga o`rtacha 300 ta qo`ng`iroq kelib tushgan bo`lsa, iyun oyida bir kunda o`rtacha 200-400 nafar fuqaro murojaat qilgan. Iyul oyiga kelib esa, kunlik murojaatlar soni o`rtacha 1800 tagacha ko`tarilgan. Shundan, iyulning birinchi o`n kunligida o`rtacha murojaatlar soni kuniga 1450 tani, ikkinchi o`n kunligida esa — 2080 tani tashkil qildi.
Jumladan, 15-25 iyul kunlari jami 23 436 ta qo`ng`iroq kelib tushdi, solishtirish uchun: iyun oyining huddi shu davrida 3711 nafar fuqaro qo`ng`iroq qilgandi.
Eng ko`p berilayotgan savollarga e`tibor beradigan bo`lsak, bugun virusning qaysi shtammlari yurtimizda qayd etilgan, ular klinikasi bo`yicha bir-biridan qanday farq qiladi, bolalarda ularning belgilari qanday namoyon bo`lmoqda, bir marta kasallangan kishi yana qayta virusni yuqtirishi mumkinmi kabi qator savollar berilmoqda. Shuningdek, koronavirusga qarshi emlash bilan bog`liq savollar ham dolzarb bo`lib turibdi.
— Bundan tashqari, kasallikning engil shaklini boshidan o`tkazayotgan fuqarolar ham murojaat qilib, uy sharoitida qanday davolanish, qaysi dori vositalarini qabul qilishlari kerakligini so`rashmoqda, — deydi Feruz Tojiev, Call-markaz mutaxassisi. — Albatta, biz ularga dorilarni tavsiya eta olmaymiz. Shuning uchun bunday tavsiya bera oladigan tibbiyot xodimlariga, xususan, oilaviy poliklinikadagi shifokorlarga murojaat qilishlari kerakligi, u erda esa bemorga holatiga qarab dorilar to`plami berilishini aytamiz. Ta`kidlash lozimki, fuqarolarning bergan savollari bir-birini qaytarmaydi. Har qaysisini alohida detallar qiziqtiradi. Mutaxassislarimiz shunga mos tarzda, ularni qoniqtirgan holda javob berishga harakat qilmoqda.
Shuningdek, murojaatchilar Toshkent shahar va viloyatlardagi COVID-19 bilan og`rigan bemorlarni qabul qilayotgan shifoxonalarning manzili va qaysi tibbiyot muassasalarida bo`sh joy mavjudligini ham so`rashmoqda.
Bir so`z bilan aytganda, Call-markaz fuqarolarni qiynagan savollariga vaqtida javob berish, ularga yo`l-yo`riq ko`rsatish borasida o`z vazifasini bajarib, aholi og`irini engil qilmoqda.
Eslatib o`tamiz, bugungi kunda koronavirus infeksiyasi, pnevmoniya yoki ushbu kasalliklarga gumon qilingan va boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan bemorlarni davolash maqsadida mamlakatimiz bo`yicha jami 82 ta maxsus shifoxonalar faoliyat yuritmoqda.
Kasallik klinik belgilarsiz va engil kechayotganligi sababli uy sharoitida davolanayotgan bemorlar salomatligi nazorati va davolanishini tashkil etish hamda ularga ambulator hamda bemor uyiga borgan holda xizmat ko`rsatishni tashkil qilish maqsadida 124 ta ixtisoslashtirilgan maxsus poliklinikalar faoliyati yo`lga qo`yilgan. Ularda 222 ta “mobil brigadalar” tashkil etilgan.






