Avvalroq, Shavkat Mirziyoev boshchiligida nogironligi bo`lgan, ota-ona qaramog`idan mahrum va etim bolalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari bo`yicha videoselektor yig`ilishi boshlangani haqida xabar bergan edik.
Videoselektor yig`ilishi davomida davlat rahbari Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga "ota" mehri kerakligi haqida gapirdi.
"Bugungi kunda xalq ta`limi tizimiga qarashli Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalaridagi tarbiyachilarning 95 foizi ayollar bo`lib, bolalar ularni “ona” deb chaqirishadi.
Lekin, “ota” tarbiyasi-chi? Bu erdagi farzandlarimizni oilaga imkon qadar yaqin muhitda tarbiyalashimiz uchun, albatta, “ota” va “ona” mehrini bera oladigan tizim yaratishimiz kerak.
Tuman va shahar hokimlari hamda sektor rahbarlari bolalarni homiylik, vasiylik va oila patronatiga berish ishlariga umuman e`tiborsiz.
Shu bois, sohada mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi.
Birinchidan, 16 ta Mehribonlik uylari va 4 ta Bolalar shaharchalari Xalq ta`limi vazirligi tizimidan chiqarilib, Milliy gvardiyaga o`tkaziladi. Buning uchun, Milliy gvardiyada alohida qo`mondon o`rinbosari lavozimi joriy etilib, boshqarma tashkil etiladi.
Milliy gvardiya qo`mondoni ikki hafta muddatda har bir Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalariga shaxsan o`zi borib, ularga Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma boshliqlari, har bir guruhga malakali ofiser va psixologlarini biriktiradi, logoped va defektologlarni ishga oladi. Ikki oy muddatda biriktirilgan Milliy gvardiya xodimlarini bolalar bilan ishlashga o`qitadi.
Shuningdek, “Mehribonlik uylari”dagi bolalarga tarbiya berish, ularni fan, IT, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o`qitish, sport bilan shug`ullanishlarini tashkil etish bo`yicha mutlaqo yangi metodikalarni ishlab chiqadi",–dedi Mirziyoev.