“Mercy Corps” tashkiloti AQSh Qishloq xo`jaligi vazirligi (USDA) mablag` bilan ta`minlovchi “O`zbekistonda ta`lim va bolalar uchun oziq-ovqat Makgovern-Doul xalqaro dasturi” doirasida Maktabgacha ta`lim vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan anglashuv memorandumini imzoladi.
Byudjeti 21,5 million AQSh dollariga teng ushbu dastur 400 dan ortiq maktabgacha ta`lim muassasasini oziq-ovqat bilan ta`minlaydi hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam ta`minlangan maktabgacha ta`lim muassasasidagi 90 000 nafar bola uchun ovqatlanush va ta`lim olishni takomillashtirish uchun qo`shimcha infratuzilmani rivojlantrisihni ko`zda tutadi.
Mazkur muhim uch tomonlama bitim maktabgacha ta`lim muassasalarini kundalik oziq-ovqat bilan ta`minlash, savodxonlik darajasini oshirish, o`qituvchilar va tibbiyot hamshiralarini o`qitish, maktabgacha ta`lim muassasalari, jumladan, sinf xonalari, oshxona va jamoat hojatxonalarini ta`mirlash orqali O`zbekiston hukumati va «Mercy Corps» xalqaro nodavlat tashkiloti o`rtasidagi hamkorlikni rasman mustahkamlaydi. Maktabgacha ta`lim darajasini yaxshilash bo`yicha O`zbekistonning ustuvor rejalariga muvofiq ravishda, mazkur dastur 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun sifatli ta`lim olishni kengaytirish bo`yicha hukumatning ta`lim sektoriga oid rejasini (2019-2023-yillar uchun) qo`llab-quvvatlaydi. Ushbu dastur, shuningdek, mamlakat kelajagi uchun yosh, sog`lom avlodni tarbiyalash muhimligiga e`tibor qaratish maqsadida Prezident Mirziyoev e`lon qilgan 2021-yil «Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» uchun belgilangan ustuvor yo`nalishlarga ham mos keladi.
To`liq maktabgacha ta`limni olish maqsadida bolalar jismoniy va aqliy rivojlanishini ta`minlash uchun, bu dastur, shuningdek, ovqatlanish, salomatlik va gigienaning ilg`or usullari haqida hamda maktabgacha ta`lim muassasalarida taomlarni xavfsiz tayyorlash haqida xabardorlikni oshirishni ham ko`zda tutadi. Bu, ayniqsa, COVID-19 O`zbekiston va butun dunyoda bolalarning ta`lim olishiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan bir paytda juda muhimdir. Maktabgacha ta`lim muassasalarida yuqumli kasalliklar tarqalishini bartaraf etish uchun ushbu dastur sanitariya va gigiena holatlarini yaxshilash hamda tegishli andoza va amaliyotlarni qo`llash bo`yicha o`qituvchilar, tibbiyot hamshiralari va oshpazlarni o`qitishni ko`zda tutadi. Maktabgacha ta`lim muassasalarida bolalarning to`laqonli ovqatlanishi ota-onalar uchun o`z bolalarini maktabgacha ta`lim muassasalariga qayta yuborish uchun eng samarali rag`batlantiruvchi omillardan biri hisoblanadi.
“Dunyodagi barcha bolalar qatorida O`zbekistondagi bolajonlarga ham davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi salbiy ta`sir qilmoqda. Shu sababli Sog`liqni saqlash vazirligining bu boradagi hamkorlikka qo`shilishi salomatlik va sanitariya holatini yanada yaxshilashga imkon beradi. Birgalikda harakat qilib, biz maktabgacha yoshdagi bolalarning sog`lom va xavfsiz bo`lishlarini ta`minlashimiz mumkin»,- ta`kidladi AQShning O`zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum.
Dastur kichik yoshdagi bolalarning ta`lim olishi va rivojlanishi muhimligini ommalashtirishda oilalar va jamoatlarni jalb qilishni ham ko`zda tutadi. Kichik yoshdan savodxonlik asoslarini o`rganish kelajakda akademik va kasbiy muvaffaqiyatga erishish ehtimolini oshiradi. Bolalarni uyda va maktabgacha ta`lim dasturlari doirasida erta rivojlantirish bo`yicha kompleks tadbirlar umrbod ularni o`qishdagi muvaffaqiyatga tayyorlashi mumkin.
USDA “O`zbekistonda ta`lim va bolalar uchun oziq-ovqat Makgovern-Doul xalqaro dasturi”ni 2024-yil sentyabr oyigacha amalga oshirish maqsadida “Mercy Corps” bilan hamkorlik qiladi. O`zbekiston hukumati ko`magida mazkur dasturda Qoraqalpog`iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida maktabgacha yoshdagi 90 000 dan ortiq bola ishtirok etadi.