AsosiyJamiyat

Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko`maklashuvchi komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi

'Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko`maklashuvchi komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Bugun, 28 iyul kuni Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko`maklashuvchi komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda Senatning Axborot xizmati ma`lum qildi.

 Yig`ilishda senator va deputatlar, Komissiya a`zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda parlament yuqori palatasining o`n ettinchi yalpi majlisida ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Jumladan, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti hamda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to`g`risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi.

Mahalliy Kengashlar deputatlari bilan o`tkazilgan muloqotlar davomida ular tomonidan amaldagi “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti”ni hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to`g`risidagi namunaviy nizom”ni qayta ishlab chiqish bo`yicha takliflar bildirildi.

Haqiqatdan ham mahalliy Kengashlarning amaldagi namunaviy reglamenti hamda doimiy komissiyalari to`g`risidagi namunaviy nizom Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan 2010 yilda tasdiqlangan bo`lib, mazmunan bugungi kun talabiga javob bermas edi.

O`tgan davr mobaynida mahalliy Kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi qator qonunchilik hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi. Mahalliy Kengashlar vakolatlari va vazifalari kengaytirildi, bir qator mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarining mahalliy Kengashlar oldida hisobdorligi belgilandi.

Shuningdek, har bir mahalliy Kengashda alohida kotibiyatlar tashkil etilib, Kengash, doimiy komissiyalar va deputatlar faoliyatiga tashkiliy, tahliliy jihatdan xizmat ko`rsatish, ular faoliyatini muvofiqlashtirib borish aynan ushbu tuzilma zimmasiga yuklatildi.

Bu esa mahalliy Kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi asosiy normativ-hujjatlardan biri hisoblangan Reglamentga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishni taqozo etdi.

Shu bilan birga, bugungi kun amaliyotida mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari faoliyati ular bilan bevosita hamkorlikda ishlaydigan Senat qo`mitalari faoliyatiga to`la mos kelmasligi har ikkala tomonga ham noqulayliklar keltirib chiqarayotgan edi.

Senatning bitta qo`mitasi mahalliy Kengashlardagi bir nechta doimiy komissiyalar bilan ishlashga yoki aksincha mahalliy Kengash doimiy komissiyalari ham Senatning bir nechta qo`mitalari bilan ishlashiga to`g`ri kelayotgan edi.

Majlisda mahalliy Kengash deputatlarining takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan amaldagi mahalliy Kengashning namunaviy Reglamenti hamda doimiy komissiyalari to`g`risidagi namunaviy nizom borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo`mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

    Boshqa yangiliklar