Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiyasi (EBM) O‘zbekistondagi saylovoldi holat va joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy voqea – Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonini o‘rganish uchun joriy yilning 24-28 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.
Markaziy saylov komissiyasi DIIHBga va uning Ehtiyojlarini baholash missiyasiga saylovoldi holatning, shu jumladan, saylovga tayyorgarlik ko‘rishning har tomonlama tahlil qilganligi, shuningdek, bo‘lajak saylovning xalqaro kuzatuvini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqqanligi uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. Bu haqda MSK Matbuot xizmati xabar berdi.
Missiya o‘zining 19 iyuldagi Hisobotida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashabbus qilingan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini yaqin istiqbolda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha eng ustuvor hujjat sifatidagi ahamiyatini alohida qayd etgan. Hisobotda Prezident saylovi parlament va siyosiy partiyalar rolini mustahkamlash, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, qonun ustuvorligi va sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, gender tengligini ilgari surish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga e’tibor kuchaygan sharoitda bo‘lib o‘tishi ta’kidlangan. “DIIHB EBM uchrashgan ko‘pchilik suhbatdoshlar o‘zlarining bo‘lajak saylovdagi ishtiroki haqida so‘z yuritganda mazkur mezonlarga tayandilar hamda “ortga qaytmaydigan va muqarrar tus olgan mazkur islohotlar” saylovni milliy va xalqaro huquq tamoyillari asosida o‘tkazishni ta’minlaydi, deb ta’kidladilar”, - deyiladi EBM hisobotida.
Hisobotda xotin-qizlarning mamlakat hayotining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosiy sohadagi ishtirokini kengaytirish borasida ko‘rilayotgan choralarning muhimliligi ta’kidlangan. Saylov boshqaruvidagi gender muvozanat qonunchilik darajasida belgilanganligi alohida qayd etilgan.
Ehtiyojlarni baholash missiyasi 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning bir qator jihatlariga ijobiy baho bergan.
Hisobotda O‘zbekiston tomonidan YeXHT DIIHBning qator tavsiyalari bajarilgani ta’kidlangan: “Bo‘lajak saylov yaqinda qayta ko‘rib chiqilgan va takomillashtirilgan huquqiy asoslarga muvofiq o‘tkaziladi. O‘zgartishlar esa DIIHBning avvalgi ba’zi tavsiyalari bilan bog‘liqdir”.
EBM 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga Saylovni kuzatish bo‘yicha to‘laqonli missiyasini yuborish maqsadga muvofiq degan xulosaga kelgan.
“Ekspertlarning asosiy guruhidan tashqari, saylov jarayonini butun mamlakat bo‘ylab kuzatish uchun DIIHB YeXHT ishtirokchi davlatlari tomonidan 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarni, shuningdek, saylov kuni saylov jarayonlarini kuzatish uchun 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilarni yuborishni so‘rashi zarur”, - deyiladi YeXHT DIIHB EBM Hisobotida.
29.07.2021 17:30
Saylov qayta ko‘rib chiqilgan va takomillashtirilgan huquqiy asoslarga muvofiq o‘tkaziladi — MSK






