AsosiyJamiyat

Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, Adliya katta maslahatchisi Ismatullo Yo`ldoshev vafot etdi

'Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, Adliya katta maslahatchisi Ismatullo Yo`ldoshev vafot etdi'ning rasmi

Kecha, 29 iyul kuni O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Ismatullo Yo`ldoshev 70 yoshida olamdan o`tdi. Bu haqda uyushma Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ismatullo Asadovich Yo`ldoshev 1953 yilda Urgut tumanida tug`ilgan. 1976 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O`zMU)ning Huquqshunoslik fakultetini tugatgan. 1969 yildan 2013 yilga qadar prokuratura organlarida mas`ul lavozimlarda ishlagan. Huquqshunoslik fanlari nomzodi. Adliya katta maslahatchisi.

  Ismatullo Yo`ldoshevning “Yolg`izlik” (So`g`diyona – 1979), “Armonli dunyo” (Zarafshon – 1980), “Habib bo`lgin menga, muhabbat” (Zarafshon – 1990), “Havas” (Zarafshon – 2001), “Bunda tonglar kashf etar o`zni” (Zarafshon – 2002), “Bir hovuch oftob” (Zarafshon – 2004), “Ko`ngil yog`dusi” (Zarafshon – 2005), “Qalb charog`i” (Zarafshon – 2005), “Beshikdagi nur” (Zarafshon – 2007), “Rubeji jizni” (Zarafshon – 2007), “Mehr” (Zarafshon – 2009), “Ishq mehrobi” (Navro`z – 2012), “Umr devoni” (Sharq – 2012), “Na puti k istine” (Moskva, Olma Media Grupp – 2013), “O`zimni tinglab” (Zarafshon – 2014) singari kitoblari chop etilgan. 2007 yilda "Sharq" NMAKda she`rlar, ruboiylar, kinossenariylar, qissalar, badiha, risola va badiiy lavhalari jamlangan uch jilddan iborat “Tanlangan asarlar”i chop qilingan. 2004 yilda “Qabohatga qo`yilgan tuzoq”, 2005 yilda “Jumboq” qissalari asosida "O`zbektelefilm" tomonidan filmlar yaratilgan.

  O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Ismatullo Yo`ldoshevning vafoti munosabati bilan uning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.  

  Janoza bugun, 30 iyul kuni soat 10:00da marhumning Samarqand shahridan Oqdaryo tumaniga borishdagi Zarafshon massivida joylashgan hovlisida o`qiladi.

 

 

    Boshqa yangiliklar