AsosiySalomatlik

SSV: Poytaxt "Tez yordam" xizmatiga bir kunda o`rtacha 4700 ta chaqiriq kelib tushmoqda

'SSV: Poytaxt "Tez yordam" xizmatiga bir kunda o`rtacha 4700 ta chaqiriq kelib tushmoqda'ning rasmi

Joriy yilning qariyb 7 oyi davomida shahar “103” xizmatiga koronavirusga gumon qilingan, pnevmoniya va “COVID-19”  kasalligi tasdiqlangan hamda boshqa yuqumli xastaliklar bilan jami 22 mingdan ziyod chaqiruv kelib tushdi. Jumladan, iyul oyining 28 sanasiga qadar “Tez yordam” xizmatiga murojaat qilgan 12 ming 38 nafar katta yoshli va 895 nafar 18 yoshgacha bo`lgan ana shunday bemorlarga sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatildi. Bu haqda Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BO`RIBAEV ma`lumot berdi.  

Ma`lum bo`lishicha, ayni paytda shahar “103” xizmati CALL-markaziga bir kunda o`rtacha 4700 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Jumladan, so`nggi 10 kun ichida (19 iyuldan – 28 iyulgacha) 46 ming 569 ta chaqiriq kelib tushgan bo`lsa, shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirus tashxisi qo`yilgan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 12 ming 933 nafar bemorga sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatilgan.

Fuqarolar asosan tana haroratining oshishi, bosh og`rig`i, nafas olishning qiyinlashishi, ko`ngil aynishi, qon bosimining keskin ko`tarilishi kabi simptomlar bilan murojaat qilmoqda.

"Ammo o`rni kelganda aholimizga shuni murojaat qilib aytardimki, ular ham bugungi sinovli damlarda biz tibbiyot xodimlariga ko`mak bersalar, maqsadga muvofiq bo`lar edi. Afsuski, ayni paytda ba`zi fuqarolar istimasi salgina ko`tarilsa yoki boshi biroz og`irib qolsa darrov vahimaga tushib, “Tez yordam”ga murojaat qilmoqda. Vaholanki, haroratning ko`tarilishi faqat koronavirus infeksiyasi yoki pnevmoniyaning simptomigina emas. Qolaversa, odamning istimasi 37-37,5  yoki 38 darajaga chiqishi bilan darrov ahvoli og`irlashib qolmaydi. Shu bois, xalqimiz buni to`g`ri tushunishi, agar shunday bo`lgan taqdirda, eng avvalo, oilaviy shifokorga murojaat qilishi va uning tavsiyalariga rioya etishi zarur",– dedi shifokor.

Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, aholining “103” xizmatiga murojaatlari soni oshib borayotganligi sababli joriy yil iyul oyida Toshkent shahar “Tez yordam” xizmati avtoparkiga 65 ta yangi avtotransport vositasi olib kelindi hamda tibbiyot xodimlaridan iborat qo`shimcha brigadalar tashkil etildi.

Shuningdek, chaqiriqlarga o`z vaqtida javob berish, ularni tez tibbiy yordam brigadalariga tezkor ravishda uzatish hamda tarmoqda biron bir bandlik holatlari kuzatilmasligi uchun shahar “103” xizmati CALL-markazi operatorlari soni qo`shimcha 40 nafarga oshirilib, jami 80 nafarga etkazilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar