Tashqi ishlar vazirligi koronavirus pandemiyasi davrida xorijiy davlatlar hududidan O`zbekiston Respublikasiga tashrif buyurish bo`yicha tartiblar to`g`risidagi ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, havo va temir yo`l orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O`zbekiston Respublikasiga kelish uchun havo yoki temir yo`l qatnoviga ro`yxatdan o`tishdan oldin so`nggi 72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR (polimera zanjirli reaksiya) orqali tekshirilib, manfiy ko`rsatkichga ega deb topilgan ma`lumotnomani taqdim qiladi.
O`zbekiston Respublikasiga avtoyo`l chegara o`tkazish punktlari orkali kirib kelayotgan shaxslar tomonidan o`z mablag`lari hisobidan chegara o`tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija kayd etilgan ma`lumotnoma taqdim etilgan takdirda O`zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.
“Sariq” va “qizil” toifaga ajratilgan davlatlardan kirib kelayotgan shaxslar O`zbekiston Respublikasi hududiga kirishda majburiyatnoma to`ldirgan holda, 14 kunga yashash joyi bo`yicha yoki mehmonxonada uy karantinini o`tashlari talab etiladi.
O`zbekiston Respublikasiga turist sifatida kelayotgan chet el fuqarolari va O`zbekiston Respublikasida doimiy istiqomat qilmaydigan fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni taklif qilgan turoperator tomonidan DXX Chegara qo`shinlari va Davlat bojxona qo`mitasi vakillariga zarurat bo`lganda turizm xizmati ko`rsatilayotgan shaxslar va turizm xizmatini ko`rsatish shartnomasi to`g`risidagi ma`lumotlar ko`rsatilgan vaucher taqdim qilinadi.
O`zbekiston Respublikasining Davlat chegaralari o`tish punktlarida, xalqaro aeroport hamda vokzallardan O`zbekistonga “sariq” va “qizil” davlatlardan turoperator yoki turagent xizmatlaridan foydalanmagan holda mustaqil tashrif buyurayotgan turistlar umumiy tartibda kirib kelishi belgilangan.
O`zbekiston Respublikasiga kirish vaqtida turist tomonidan koronavirus infeksiyasining mavjud alomatlari tufayli topshirilgan test natijalari musbat chiqqanda o`z mamlakatiga qaytib ketish masalasi shu kundagi muayyan aviakompaniya yoki boshqa transport kompaniyalarining yo`lovchilarni tashish to`g`risidagi tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.