AsosiyJamiyat

Senatning yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlash to`g`risida”gi Qonun ma`qullandi

'Senatning yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlash to`g`risida”gi Qonun ma`qullandi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Oliy Majlis Senatining 17 yalpi majlisi bo`lib o`tmoqda. Majlisda Senatorlar parlament yuqori palatasining kun tartibidagi yana bir masala – “O`zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonunini muhokama qildi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizning 78 % er maydoni seysmik faol hududlarda joylashgan bo`lib, MSK – 64  er shkalasi bo`yicha 6 va undan yuqori ballik er silkinishlari doimiy ravishda sodir bo`lishi kuzatiladi.

Shu sababli, mamlakatimiz aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, mas`ul davlat organlarining bu boradagi vakolatlarini belgilash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko`rish, ularning oqibatlarini bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati mavjud.

Shu bois, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasining “O`zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlash to`g`risida”gi Qonuni ishlab chiqildi. Mazkur Qonunda:

Birinchidan, davlat organlarining, xususan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Mahalliy davlat hokimiyati organlarining seysmik xavfsizlikni ta`minlash borasidagi asosiy vazifalari belgilanmoqda.

Ikkinchidan, Qonun bilan seysmik xavfsizligi ta`minlanadigan ob`ektlarning tasnifi hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini tekshirish hamda monitoring qilish tartibi belgilanmoqda.

Seysmik xavfsizlikni ta`minlash ob`ektlari ahamiyatiga ko`ra 4 ta toifaga bo`linmoqda.

Uchinchidan, zilzilalarning sodir bo`lish ehtimolini aniqlash tartibi belgilanmoqda, unga muvofiq seysmik stansiyalarda o`tkaziladigan kuzatuvlar bo`yicha prognoz natijalari har hafta idoralararo ekspert komissiyasi tomonidan tahlil qilinadi va sodir bo`lishi mumkin bo`lgan seysmik vaziyat haqidagi xulosalar Vazirlar Mahkamasiga yuborilishi nazarda tutilmoqda.

To`rtinchidan, kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish, kuchli zilzilalar natijasida zarar ko`rgan ob`ektlarni tiklash – davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari mablag`lari va boshqa taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, fuqarolarning seysmik xavfsizlikni ta`minlash sohasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda.

Qonun respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda amaldagi qonunchilikdagi bo`shliqlarni bartaraf etishga, shu bilan birga, seysmik mustahkam bino va inshootlarni qurilishi sifati nazoratga olinishiga xizmat qilishini inobatga olib, senatorlar tomonidan ushbu Qonun ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar