Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi tuman bo`limi hamda DXXning Koson tuman bo`limi tomonidan tezkor tadbir o`tkazildi.
Unda, fuqaro M.J. firibgarlik yo`li bilan o`zganing mulkini qo`lga kiritish maqsadida, fuqaro N.ni 700 AQSh dollari evaziga Qirg`iziston Respublikasidagi oliy ta`lim muassasalaridan biriga tanishlari orqali o`qishga kiritib qo`yishni va`da qilib, shundan 200 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Departament hamda DXXning Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand Temir yo`l texnikumi talabalar yotoqxonasi tarbiyachisi vazifasida ishlovchi O`.B. fuqaro Sh.ni ushbu texnikumiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departament hamda Milliy gvardiyaning Samarqand viloyat boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahridagi jamoat salomatligi texnikumi o`qituvchisi S.X. fuqaro D.ning qizini, tanishlari orqali ushbu texnikumga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






