31 iyul kuni Oliy Majlis Senatining o`n ettinchi yalpi majlisida “Er uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, erlarni hisobga olish va davlat er kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, er – umummilliy boylik, O`zbekiston xalqining hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shu sababli, erlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni ta`minlash, erlarni muhofaza qilish, er bilan uzviy bog`langan Davlat kadastrlari yagona tizimini to`laqonli yuritish davlatning eng muhim vazifalaridandir.

Sohalardagi keng ko`lamli o`zgarishlar er va unga bog`liq resurslarning aniq hisobini yuritish, ulardan oqilona foydalanish tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.
Muhokama qilingan Qonun bilan 6 ta kodeks hamda 12 ta qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Xususan,
Birinchidan, qonunlarda asosiy tushunchalar aks ettirilgan alohida modda bilan to`ldirilmoqda.
Ikkinchidan, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati organlarining egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga er berish, er uchastkalarini savdo va xizmat ko`rsatish sohasi ob`ektlari bilan birgalikda yuridik va jismoniy shaxslarga mulk etib realizasiya qilish hamda er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini kim oshdi savdosi asosida fuqarolarga realizasiya qilish kabi vakolatlari bekor qilinmoqda.

Uchinchidan, yuridik shaxslarning er uchastkalariga bo`lgan doimiy egalik qilish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, shuningdek, jismoniy shaxslarning er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish huquqlari chiqarib tashlanmoqda.
To`rtinchidan, er uchastkasini shartnoma asosida ijaraga berish uchun asos bo`luvchi holatlar va ijaraga berish muddatlari aniq belgilab berilmoqda.
Beshinchidan, Qonun bilan aniq belgilangan hollarda qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan er uchastkalarini Vazirlar Mahkamasi qarori bilan
to`g`ridan-to`g`ri ajratishga ruxsat berilmoqda.
Oltinchidan, er uchastkalarini ajratish va ulardan oqilona foydalanish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini o`rnatishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida qishloq xo`jaligi, tadbirkorlik va shaharsozlik sohasidagi er munosabatlari yanada takomillashtiriladi;
er uchastkalariga bo`lgan huquqlar maqbullashtiriladi;

qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlarni, ayniqsa, sug`oriladigan erlarni muhofaza qilish ta`minlanadi;
er uchastkalarini berishda shaffoflik va ochiqlik ta`minlanadi hamda inson omiliga bog`liq korrupsiya holatlari kamayadi;
fuqarolarning qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlarni ajratish tizimiga nisbatan ishonchi ortadi;
er ajratishda yagona shaxs tomonidan qaror qabul qilish mexanizmi tugatiladi va erga nisbatan mulkchilik huquqi mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






