O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg`ona hokimi haqida nojo`ya xabar tarqatgan nashrlarga e`tiroz bildirib, murojaat bilan chiqdi.
Bugun yurtimizda so`z va matbuot erkinligiga alohida e`tibor qaratilayotgani, ochiqlik va shaffoflik siyosati yuritilayotgani sir emas. Shu sababdan ham nafaqat har bir jurnalist, kerak bo`lsa, har bir yurtdoshimiz o`z fikr-mulohazasini OAVda bemalol, hech qanday moneliksiz bildirmoqda. Chunki matbuot erkin minbardir.Ammo so`z va matbuot erkinligidan foydalanish ham so`zsiz qonun doirasida bo`lishini taqozo etadi.
Bir oydan avval kasb bayramimiz kuni Prezidentimiz farmonlariga binoan o`nlab jurnalistlarga Davlat mukofotlari topshirildi, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g`oliblari ham taqdirlanib, respublikamizdagi yuzlab kasbdoshlarimiz mehnati rag`batlantirildi. Qolaversa, kasbdoshlarimiz orasida fidoyi, faol fuqarolik pozisiyaga ega, yurtsevar jurnalislarni ko`rib, g`ururlanamiz. Afsuski, gohida…
Holislik va haqqoniylik prinsiplari… Bular jurnalist uchun eng zarur jihat. Lekin gohida aynan shu muhim jihat kasbdoshlarimizga etishmayotganini kuzatib ranjiymiz. Mana, yaqinda “Bugun.uz”, “Effect.uz” nashrlarida Farg`ona viloyati hokimiga oid xabar taxminlarga, ko`chaning gapiga tayanib asossiz tarzda tarqatilgani muhokamalar markazida bo`ldi. Ayrimlar, “tarqalgan xabarlarga tegishlicha raddiya berildi-ku” deyishi mumkin. Albatta, haqiqat egiladi, lekin sinmaydi. Biroq internet imkoniyati shu qadar cheksizki, allaqachon mamlaeatimiz katta viloyatining rahbari haqida noxolis xabar qanot qoqib, dunyo bo`ylab tarqalishga ulgurdi. Adliya vazirligi axborot xizmati tomonidan shu voqeaga oid tarqatilgan eslatmada “Keyinchalik raddiyalar berish orqali esa, na dastlabki qonunchilikning buzilish holatini yo`qqa chiqara olish mumkin, na keltirilgan ma`naviy ziyonning o`rni qoplanadi” deb juda to`g`ri bayon etilgan. Bu holatda nafaqat, alohida shaxsning (ayni holatda viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning) sha`niga, balki mamlakatda Prezidentimiz tomonida olib borilayotgan ulkan islohotlar siyosatining reytingiga putur etkazilishi mumkinligini mazkur nashrlar mas`ullari qay darajada anglaydi? Mana shunday noprofessional, huquqiy bilimga ega bo`lmaganlar sharafli kasbimizga dog` tushirilishlari alam qiladi.






