Ma`lumki, joriy yil 23 iyul kuni mamlakatimizda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berildi. Shuningdek, 28 iyul kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida saylov logotipining taqdimoti o`tkazilgan edi.
Mazkur taqdimotdan so`ng logotip, uning ranglari, tuzilishi va dizayni xususida ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab fikr-mulohazalar bildirildi, deya xabar bermoqda MSK Matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, muhokamalarda bildirilgan takliflar Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi tomonidan soha mutaxassislarini jalb qilgan holda o`rganildi. O`rganishlar natijasida logotipga ayrim imloviy tuzatishlar kiritildi.
Shuningdek, mazkur logotipni yaratish jarayoniga mablag` sarf etilmaganligi ma`lum qilinadi.
Markaziy saylov komissiyasi mamlakatimiz jamoatchiligi saylov jarayonlariga befarq emasligini e`tirof etadi va o`z minnatdorligini bildiradi. Kelgusida ham Markaziy saylov komissiyasining faoliyati borasida bildirilgan har qanday xolis fikr-mulohaza e`tiborsiz qolmaydi, deyiladi MSK axborotida.






