Samarqand viloyatining Urgut shahrida yashovchi, 1970 y.t. muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs yana qing`ir yo`lida davom etdi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati "Darakchi"ga xabar bermoqda.
U 1983 y.t. mahalliy fuqarodan 787 gr. geroin giyohvand moddasini 12 ming AQSh dollariga sotib olib, uning avtomashinasida tuman markazi tomon harakatlanayotgan vaqtlarida ular DXXning Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi, viloyat IIB va Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
Tojikiston Respublikasining So`g`d viloyati Konibodom tumanida yashovchi, 1978 y.t. shaxs 1 kg 914 gr “gashish” moddasini kontrabanda yo`li bilan mamlakatimizga olib o`tib, Farg`ona viloyatining Bag`dod tumanida yashovchi hamtavog`i 1991 y.t. mahalliy fuqaroning avtomashinasida Uchko`prik tumani hududida harakatlanayotgan vaqtlarida ular DXXning Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Ta`kidlash lozimki, Tojikiston Respublikasi fuqarosi muqaddam qotillikda ayblanib sudlangan bo`lsa, uning farg`onalik sherigi esa muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog`liq jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tagan.
Tojikiston Respublikasining So`g`d viloyati Spitamen tumanida yashovchi 1974 y.t. fuqaro noma`lum shaxslar tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod tumani hududiga o`tkazilgan va xufyona joyga berkitib qo`yilgan 963 gr “gashish” moddasini olib, jinoiy sherigi Namangan viloyati Norin tumanida istiqomat qiluvchi 1980 y.t. mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinada, Vodiy tomon yo`lga chiqadi.
Ular Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan “Namangan” YPX maskanida DXX va Bojxona qo`mitasining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Namangan viloyatida kuzatilgan yana bir holatda “Zarkent - Namangan” yo`nalishi bo`ylab harakatlanayotgan “Damas” rusumli avtomashina to`xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan Yangiko`rg`on tumanida yashovchi, 1992 y.t., muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsning yonida 420 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida u Qirg`iziston Respublikasidan olib o`tgan ushbu ajal og`usini Namangan shahrida yashovchi 1988 y.t. shaxsga berishi kerakligi ma`lum bo`lib, u ham tadbir doirasida ushlandi.
“Namangan – Toshkent” yo`nalishi bo`yicha harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtomashina esa Pop tumani hududida to`htatilib, ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi 1991 y.t., muqaddam sudlangan fuqaroga tegishli yumshoq o`yinchoq ichiga yashirilgan 205 gr. “gashish” moddasi prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv xarakatlari davomida, u Qirg`iziston Respublikasidan qontrabanda yo`li bilan o`tkazilgan ushbu narkotik moddani Namangan viloyatining Uchqo`rg`on tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 y.t. fuqarodan olganligi ma`lum bo`lib, u ham qo`lga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






