O`zEOAVMA media-xollida «Yoshlar multimedia studiyalari» loyihasi qatnashchilarining O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Xabaringiz bor, O`zEOAVMA tomonidan assotsasiya a`zolarining umumiy yig`ilishida qabul qilingan «Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh» media dasturi asosida 60 tadan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri hozirda izchil amalga oshirilayotgan «Yoshlar multimedia studiyalari» loyihasidir.
Loyihani hayotga tadbiq etish uchun avvaliga jurnalistika sohasiga tegishli oliygohlarning talabalari uchun «Yangi O`zbekiston - Yangi nigoh» media haftaligi tashkil qilindi. Unda haftalik davomida faol bo`lgan iqtidorli 100 nafar ishtirokchilar saralab olindi. Saralab olingan ishtirokchilar uchun Yoshlar ijod saroyida o`quv-seminarlar tashkil etildi. Seminar qatnashchilariga xalqaro media ekspertlar, yurtimizning taniqli jurnalist va boshlovchilari, multimedia vositalarining mutaxassislari tomonidan mahorat darslari tashkil etildi. Yoshlar bu erda malaka oshirish, media olamni chuqur o`rganish imkoniyatiga ega bo`ldilar.
Bundan tashqari keng qamrovli mashg`ulotlar, loyiha ishtirokchilari uchun O`zEOAVMA, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis huzuridagi Parlament komissiyasi hamda «Mening yurtim» telekanali bilan hamkorlikda yangi tashkil etilgan «Navqiron jurnalistlar» media-oromgohida davom ettirildi. Bir hafta davomida bo`lg`usi yosh jurnalistlar tabiat qo`ynida, tog`ning mussafo havosida dam olish bilan birga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, adliya vazirligi malakali mutaxassislari, xalqaro jurnalistika vakillari, taniqli teleradiokanallar boshlovchilari, olimlar ishtirokidagi sohaga doir o`quv mashg`ulotlari, mahorat darslari, seminarlar va davra suhbatlarida faol qatnashdilar. Ustozlaridan jurnalistika va yangi texnologiyalarga oid muhim saboqlarni oldilar, mahorat va kasb sirlarini o`rgandilar, amaliy va nazariy ko`nikmalarini oshirdilar, shu qatorda media olam haqida ko`p ma`lumotlarga ega bo`ldilar.
Uchrashuvda Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsasiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, kelajakdagi ijodiy rejalar haqida so`z bordi.Uchrashuv samimiy muloqot tarzida o`tdi, ishtirokchilar kelgusi rejalar hamda oldinda ularni kutayotgan qulay imkoniyatlar haqida batafsil ma`lumotga ega bo`ldilar. O`zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.