“Ko`chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori (485-son, 03.08.2021 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Ko`chma savdoni amalga oshirish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, “K – SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida ko`chma savdo ob`ektlarini ro`yxatdan o`tkazgan tadbirkorlar O`zbekiston hududida ko`chma savdo bilan shug`ullanishi mumkin.
Nizom bilan ko`chma savdoni amalga oshirishning majburiy talablari va shartlari, savdo ob`ektining ixtisoslashuv turlari, ko`chma savdosi taqiqlangan tovar turlari belgilandi.
Ro`yxatdan o`tkazilgan ko`chma savdo joyini yoki uning bir qismini boshqa shaxsga foydalanishga yoki ijaraga berish taqiqlanadi.
Transport vositasi orqali ko`chma savdo faoliyati “K – SAVDO” AAT orqali savdo qilinadigan joy haqida xabarnoma yuborish yo`li bilan amalga oshiriladi.
Ko`chma savdo joyi elektron auksionda sotiladi. Bunda tadbirkorga ko`chma savdo joyidan ko`pi bilan 36 oy muddatga foydalanish huquqi beriladi.
Ko`chma savdo maydonidan foydalanish huquqini olgan tadbirkorlar faqat bayram va ommaviy tadbirlar o`tkazish davrida vaqtinchalik asosda joylashtirish sxemasidan tashqarida faoliyat yuritishi mumkin.
“K – SAVDO” AATda ko`chma savdo ob`ektni ro`yxatdan o`tkazish uchun yig`im undirilmaydi.
Joylashish sxemalari har uch yilda bir marta qayta ko`rib chiqiladi.
Qaror bilan shuningdek, Umumiy ovqatlanish korxonalari mavsumiy kafelarining ishlash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi
- 2021 yil 1 oktyabrgacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida umumiy ovqatlanish korxonalarining mavsumiy kafelarini joylashtirish bo`yicha elektron ariza berish xizmati joriy etiladi.
- 2021 yil 1 noyabrgacha har bir tuman (shahar) kesimida ko`chma savdo joylari tanlanib, ko`chma savdo ob`ektlarining joylashish sxemalari tuziladi hamda ular “K – SAVDO” AATga joylashtiriladi.