O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-6013-son Farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida korrupsiya holatlari haqida Agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta`minot ishlab chiqildi.
Internet tarmog`idagi mazkur eanticor.uz dasturi test rejimida ishga tushirilgan bo`lib, unda korrrupsiya holatlari haqidagi murojaatlarni to`rtta shaklda, ya`ni:
- “Korrupsiyaga duch keldim va pora berishga majbur bo`ldim”;
- “Korrupsiyaga duch keldim va pora bermadim”;
- “Pora bilan bog`liq bo`lmagan korrupsiyaga duch keldim”;
- “Halol ishlaydigan davlat xizmatchisini uchratdim” kabi mavzularda yuborish mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi eanticor.uz orqali berilayotgan korrupsiya holatlari haqidagi murojaatlarni belgilangan tartibda ko`rib chiqishi bilan bir qatorda berilgan murojaatlar asosida sohalardagi korrupsion holatlarni tahlil qiladi va o`tkaziladigan tahlil natijalariga ko`ra korrupsiyaga imkon yaratayotgan omillarni bartaraf etish choralari ko`riladi.
Jumladan, korrupsiyaga yo`l ochib berayotgan normalarni o`zgartirish, bekor qilish yoki qonunchilikka tegishli o`zgartirish va qo`shimchalarni kiritish bo`yicha takliflar ishlab chiqiladi va ularni amalga oshirish choralari ko`riladi.
Shuningdek, eanticor.uz dasturiy ta`minoti orqali fuqarolarning korrupsiyaga oid murojaatlari asosida vazirlik, idoralar, viloyat va tumanlarning statistik reytingini kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Bunda, tegishli idoralar mutasaddilari reytingdan tegishli xulosalarni chiqargan holda korrupsiyaga sabab bo`layotgan omillarni bartaraf etish choralarini ko`rishi maqsadga muvofiq bo`ladi.
"Hozirda mazkur tizimda yanada qulayliklar yaratish maqsadida dastur takomillashtirib borilmoqda",–deyiladi agentlik axborotida.