2021 yil 10 iyun kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida biologiya (2 473 nafar) fanidan milliy sertifikat uchun test sinovlari o`tkazilgan edi. Katta munozaralarga sabab bo`lgan mazkur test natijalari bo`yicha DTM rasmiy bayonot berdi
"Mazkur test sinovi natijalari Davlat test markazi tomonidan hisoblanib, tahlil qilinganda biologiya fanidan test topshiruvchilar ballarining chastota taqsimotida normal taqsimotdan katta og`ishlar mavjud ekanligi aniqlandi. Ya`ni biologiya fani bo`yicha test natijalari tahlili testologiya mezonlari buzilganligini, aniqroq qilib aytganda natijalar ayrim hududlarda juda yuqori ekanligini ko`rsatdi.
Biologiya fani bo`yicha test natijalari tahliliga ko`ra testologiya mezonlari buzilganligi, talabgorlarning biologiya fanidan maktabda olgan o`rtacha baholari bilan test sinovidagi natijalari o`rtasida tafovutlar yuqori ekanligi hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab e`tirozlarga sabab bo`lganligi uchun xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda 10 iyun kuni biologiya fanidan milliy sertifikat uchun o`tkazilgan test sinovi natijalari e`lon qilinmasligini ma`lum qilamiz.
Bunda 10 iyun kuni biologiya fani bo`yicha test sinovida ishtirok etgan barcha talabgorlarning to`lovi to`liq qaytariladi.
Ularga barcha abiturientlar kabi oliy ta`lim muassasalariga kirish test sinovlarida mutaxassislik fanlarining har biridan 20 ta test topshirig`i (milliy sertifikat imtihonidagi 50 ta test topshirig`i o`rniga) va 1 soatdan vaqt beriladi", - deyiladi rasmiy xabarda.






