Bolalarni davlat MTMga qabul qilish tartibi qanday? Adliya vazirligi bu haqda ma`lumot berdi:
Hukumatning 20.05.2021 yilda qabul qilingan Qaroriga ko`ra, jismoniy shaxslarga ushbu davlat xizmatini ko`rsatish tartibi quyidagicha:
1. Ota-onalar, ularning o`rnini bosuvchi shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar), bolalarning yaqin qarindoshlari (bobosi, buvisi, voyaga etgan akasi yoki opasi) yoki uchinchi shaxslar (ariza beruvchilar) yo`llanmalar olish uchun davlat xizmatlari markazlariga o`zlari kelib murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro`yxatdan o`tadi.
Davlat xizmatidan kompleks tarzda foydalanish uchun FHDYo organiga tug`ilishni qayd etish bilan bir vaqtda murojaat qilishlari ham mumkin.
2. So`rovnoma to`ldirilib, avtomatik ravishda Maktabgacha ta`limni boshqarish axborot tizimiga yuboriladi.
3. Tegishli tashkilot va guruhda bo`sh o`rin bo`lganda – yo`llanma shakllantiriladi, bo`sh o`rin bo`lmaganda – so`rovnoma tegishlicha umumiy yoki imtiyozli ro`yxatga kiritiladi hamda xabarnoma shakllantiriladi.
Imtiyozli ro`yxatga kiritiladigan bolalar kontingenti:
● I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarning bolalari;
● ko`p bolali oilalarning bolalari;
● etim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
● “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg`iz ayollarning bolalari;
● kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari;
● talabalar va pedagoglarning bolalari;
● akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo`lgan bolalar;
● ko`p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o`tkazilayotgan sog`aygan bolalar.
Ariza beruvchi bolalarni tashkilotga qabul qilishni yo`llanma shakllangandan so`ng 15 ish kuni mobaynida rasmiylashtirmagan taqdirda, yo`llanma haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Xizmatni ko`rsatish muddati:1 ish kunida
Xizmat narxi: Bepul
Shu o`rinda, Davlat xizmatlari agentligi ham aholiga murojaat etmoqda:
"Hurmatli fuqarolar! Bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasasiga joylashtirish davlat xizmatini ko`rsatish Bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti asosida tartibga solinadi. Ushbu reglament talabiga ko`ra, fuqaro o`zi kelgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandingizni davlat maktabgacha ta`lim muassasasiga joylashtirish uchun murojaat qilganingizdan so`ng, uning navbatini O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligining veb sahifasi va @MtmNavbatBot Telegram-boti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kuzatib borishingizni so`raymiz. "






