AsosiyJamiyat

"Yo`l qo`yilgan kamchiliklar sabab bemor vafot etgan". Toshkentda koronavirusdan davolashda standartlarga amal qilmagan shifoxonaning ushbu yo`nalishdagi faoliyati to`xtatildi

'"Yo`l qo`yilgan kamchiliklar sabab bemor vafot etgan". Toshkentda koronavirusdan davolashda standartlarga amal qilmagan shifoxonaning ushbu yo`nalishdagi faoliyati to`xtatildi'ning rasmi

“COVID-19” infeksiyasini davolash bo`yicha tegishli ruxsat olgan barcha xususiy tibbiyot muassasalari ham shartnomada ko`rsatilgan talablarga to`liq rioya qilayotgani yo`q.

Ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash standartiga   zid ravishda shifokorlar tomonidan bemorlarga antibiotik,  gormon va boshqa  dori vositalarini buyurish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda SSV Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Natijada ushbu tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar ahvoli yanada og`irlashib, hatto, ularning o`limiga ham sabab bo`lgan.

— Bugungi kunda poytaxtimizdagi 25 ta, viloyatlardagi 6 ta xususiy shifoxonaga “COVID-19”ga chalingan bemorlarni davolash bo`yicha ruxsat berilgan, — deydi Sog`liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig`i Farhod RAHIMQULOV. — Afsuski, so`nggi vaqtlarda tegishli tartibda ruxsat olmagan ayrim xususiy shifoxonalar tomonidan laborator (PZR) tasdiqlanmagan pnevmoniya kasalliklarini “bu koronavirus emas” degan asos bilan davolash holatlari kuzatilmoqda.

Natijada etarli darajada jihozlanmagan, bilim va saviyaga ega bo`lmagan, sanitariya talablariga rioya etilmagan bunday shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar og`ir asoratlar bilan koronavirusni davolashga ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga o`tkazilmoqda.

Bundan tashqari, “COVID-19” infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash uchun ixtiyoriy shartnoma imzolagan ayrim xususiy shifoxonalarda ham davolash standartlariga amal qilmaslik oqibatida bemorlarning ahvoli yanada og`irlashib, boshqa tibbiyot muassasalariga o`tkazilayotgan holatlar ham uchrab turibdi.

Misol uchun, koronavirus kasalligini davolashga ruxsat olgan poytaxtimizdagi “ASIA SHINE HOSPITAL” xususiy shifoxonasida o`tkazilgan monitoring davomida bu erda bemorlarga yuritilgan kasallik tarixlari to`liq va sifatli to`ldirilmaganligi, “COVID-19”ga chalingan shaxslarni davolash bo`yicha standart talablariga to`liq rioya qilinmaganligi, tashkilot “bemor.ssv.uz” elektron axborot tizimiga ulanmaganligi hamda koronavirus bo`yicha hisobotlarni muntazam ravishda taqdim etmasdan kelganligi aniqlandi. Natijada yo`l qo`yilgan kamchiliklar ushbu shifoxonada davolangan bemor ahvolining og`irlashishiga, keyinchalik esa davlat tibbiyot muassasisida vafot etishiga sabab bo`lgan.  

Shu bois, ushbu xususiy muassasa bilan Toshkent shahar sog`liqni saqlash boshqarmasi o`rtasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo`yicha 2021 yil 19 iyulda imzolangan shartnomani bir tomonlama bekor qilish bo`yicha qaror qabul qilindi.

Qolaversa, 10 avgustga qadar ushbu shifoxonada koronavirus bilan davolanayotgan 16 nafar bemorni boshqa shifoxonalarga o`tkazish hamda mazkur sanadan boshlab bu yo`nalishda bemorlarni davolash bo`yicha faoliyatini to`xtatishga majburiy ko`rsatma berildi.  

Shu bilan birga, ushbu davolash muassasada yo`l qo`yilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan prokuratura organlariga ham ma`lumot yuboriladi.

Vazirlik, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mulkchilik shaklidan qat`iy nazar “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda belgilangan diagnostika va davolash standartlariga amal qilish lozimligini yana bir bor eslatib, ushbu davolash muassasalarda nazorat ishlarini muntazam olib borilishini ma`lum qiladi.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar