Kecha, 6 avgust kuni soat 17:05larda Qirg`iziston Respublikasi Batkent oblasti Qadamjoy rayoni tog` va adir hududlarida kuchli yomg`ir yog`ishi oqibatida sel oqimlari hosil bo`lib, Farg`ona viloyati So`x tumani “Navobod” MFY hududidagi “Malbut”, “Devayron-Umbara”, “Qalacha”, “Tul” va “Poloxona” sel yo`llaridan 30 m kub. miqdoridagi sel oqimlari o`tgan. Bu haqda FVV Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Sel o`tishi oqibatida So`x tumani hududidan o`tuvchi “So`x-Rishton” avtoyo`lining 80 metr qismiga loy aralash shag`al, Malbut qishlog`i xo`jalik ekin maydonlariga hamda “Umbara” (15 ta xonadon) va “Devayron” MFY (25 ta xonadon) hududlaridagi jami 40 ta xo`jalik tomorqalari, qo`shimcha bino va uylarning erto`lalariga suv kirgan.
Sel oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, tuman hokimiyatida FVB, IIB, Prokuratura organlari, SSB rahbariyati tarkibidan iborat Tezkor shtab tashkil etilib, FVDqTning tuman xizmatlari kuch va vositalari tomonidan sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirildi.
Sel toshqinlari oqibatida jabrlangan va halok bo`lganlar yo`q.






